Sirdaryoda paxta yig‘im-terimi qizg‘in
Sirdaryo viloyatida 10 sentyabrdan boshlab ommaviy paxta yig‘im-terimiga kirishildi. Viloyat bo‘yicha ko‘klam oylarining ilk kunlaridan 77 ming 500 gektar yerga chigit ekilib, agrotexnik talablarga qat’iy amal qilingan holda mehnat qilinganligi bois g‘o‘zalarning qiyg‘os ochilishiga erishildi.
Viloyatda faoliyat olib borayotgan dehqon fermer xo‘jaliklari klasterlar bilan fyuchers shartnomalari asosida 270 000 tonna paxta topshirishni maqsad qilganlar. Yetishtirilgan hosilning 113 ming tonnadan ziyodi paxta terish mashinalari, 157 ming tonnasi qo‘l terimi bilan yig‘ib olish rejalashtirilgan. Yetishtirilgan hosilni qo‘l terimi bilan terish uchun viloyatga Farg‘ona, Surxondaryo, Andijon, Buxoro viloyatlaridan 14 ming nafar hasharchi jalb etilgan. Ayni damlarda 6000 nafar terimchi hasharchilar viloyatning paxta dalalarida terim bilan mashg‘ul. 160 ta soz holatdagi paxta terish mashinalari ham paxtazorlarda xirmon yuksalishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
[gallery-13550]
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Boyovut tumanidagi “Boyovutlik Humoyun” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, paxta yig‘im-terimi jarayoni bilan tanishdi. Fermer Abdulla Begmatov jami 80 gektar maydonga g‘o‘zaning “Sulton” navini ekdi va bugunga kelib tumanda birinchilardan bo‘lib terimga kirishdi. Fermerning qayd etishicha, hosilni to‘laligicha terim mashinalari yordamida yig‘ib olish maqsad qilingan.
– Terimni avvalgi mavsumlarga qaraganda erta boshladik. Keyingi paytlarda paxta hosilini yig‘ishtirib olishda mexanizatsiyalashni joriy etish ancha jadallashgan va bu mehnat unumdorligini oshirmoqda. Shundan kelib chiqib, bu yil dalalarimizda yetishtirilgan paxtani to‘laligicha terim mashinalari yordamida yig‘ib olishni reja qilganmiz, – deydi u. Xo‘jalikda sharoitga moslashgan g‘o‘zaning “8290” navi tajriba tariqasida Xitoy texnologiyasi asosida parvarishlanmoqda. Barcha jarayon mexanizatsiyalashgan. Kutilayotgan hosil esa 70 sentnerdan ziyod.
Viloyatda A.Begmatov kabi fermerlar ko‘plab topiladi. Hozirgi kunda ularning barchasining o‘y-harakati mashaqqat bilan yetishtirilgan hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay terib olib, barakali va yuksak xirmon yaratishdir.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev, (suratlar), O‘zA muxbirlari