Sirdaryoda odam savdosining oldi olindi
Sirdaryo viloyatida davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar viloyat boshqarmalarining maxsus guruhi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir fuqaroning odam savdosi qurboniga aylanishining oldi olindi.
Ba’zi yurtdoshlarimizning qilayotgan ishlarini ko‘rib, ularni vatandosh, millatdosh deyishga ham or qilasan, kishi. Afsuski, bunday kimsalar hamon oramizda. Shunchalik jirkanchiliklar qilsalar, o‘z vatandoshi, millatdoshini xorijga olib borib, qul qilib sotib yuborsalard ham biz bilan bir mamlakatda nafas olaveradi, bir joyda yashayveradi, bir dasturxon atrofida o‘tiradi.
Achinarlisi, biz ularning hech biriga hech narsa demaymiz, andisha qilamiz. Ular bo‘lsa, andishaning otini qo‘rqoq qo‘yib, to‘y-ma’rakalarda davralarning to‘rini egallab oladi.
10-15 yil avval bunday jirkanch ish – odam savdosi bilan faqat erkaklar shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, ming afsuski, bugunga kelib bu ish bilan nozik hilqat, deb biz boshimizga ko‘tarib yurgan ayollarimiz hech narsadan, hech kimdan tap tortmay shug‘ullanayotganidir.
Ular boyliklarini bunchalik qisqa fursatda, nimaning hisobiga, qanday ishi evaziga topgani bilan qiziqmaymiz. Qiziqmaymizu, ular kabi biz ham bir pasda boyib ketishga umid qilamiz, ishonamiz va oxir oqibat bu tez va oson yo‘llar bilan daromad orttirishdek shaytoniy xayol, nafs balosi bizni o‘shandaylarga yaqinlashtirib qo‘ygani, nafsimizga erk berib, odam savdosi qurboniga aylanib qolganimizni o‘zimiz ham bilmay qolamiz.
Xalqimizda, qing‘ir ishning qiyig‘i, qirq yildan kiyin ham chiqdi, degan dono naqli bor. Ammo mamlakatimiz huquq-tartibot idoralari xodimlarining hushyorligi, o‘z burchi va kasblariga sadoqati, zimmalariga yuklatilgan topshiriq va vazifalarni bekamu-ko‘st bajarishi samarasida, mamlakatimizdagi odam savdosining navbatdagi qurboni bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat, undanda yaxshirog‘i o‘zbek qizining xorijga chiqib fohishalik qilib yuribdi, degan isnodning oldi olindi.
Joriy yilning 17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Sirdaryo viloyati IIB Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Guliston shahar IIO FMB TEQKB xodimlari tomonidan odam savdosi jinoyatining oldini olish yuzasidan o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Guliston shahrida yashovchi ayol, hali turmushga chiqmagan Guliston shahrida istiqomat qiluvchi qizni Turkiyaga fohishalik uchun olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmatining bergan xabariga ko‘ra, viloyatda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1983 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi Qo‘shgulxon To‘xtamaseva (ism sharifi o‘zgartirildi) tanishi, hamshahri, yurtdoshi bo‘lgan, 1991 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan, turmushga chiqmagan, Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi Lazzatoy Kimsanqulovani “Spark” rusumli avtomashinada Toshkent shahridagi xalqaro aeroport orqali Turkiya davlatining Antaliya shahriga fohishalik bilan shug‘ullanishi uchun olib ketayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.
Ayni paytda, ushbu holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
A.Qayumov,O‘zA