Shvetsiya va Daniya migratsiya idoralari vakillari O‘zbekiston Ombudsman ofisiga tashrif buyurdi
Mamlakatimizga Shvetsiya Qirolligi Migratsiya agentligi vakili Emma Shimichich hamda Daniya Immigratsiya xizmati katta maslahatchisi Aleks Xemmingsen tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mamlakatimizda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning migratsiya jarayonlariga ta’siri, shuningdek shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar hamda fuqarolik-huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq qonunchilik va amaliyot xususiyatlarini o‘rganish maqsadida qator idoralar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ofisiga tashrif doirasida delegatsiya vakillari Ombudsman o‘rinbosari Bekzod Narimanov bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Ombudsman instituti tomonidan xorijda yashab mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, bu yo‘nalishda xorijiy davlatlar ombudsmanlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, mazkur hamkorlik orqali fuqarolar murojaatlarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish va amaliy yechim topish imkoniyatlari kengaygani qayd etildi.
Uchrashuvda migratsiya jarayonlarida inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda bu boradagi o‘zaro axborot almashinuvini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA