Shushada IHT biznes forumi boshlandi
Bugun Ozarbayjonning Shusha shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) XVII sammiti doirasida “Investitsiya va savdoga ko‘maklashish – IHT mintaqasida barqaror rivojlanish omili” mavzusidagi 6-biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyamiz ham ishtirok etmoqda. Shuningdek, tadbirda Ozarbayjon, Afg‘oniston, Tojikiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Pokiston va Qozog‘istondan yondosh tashkilotlar mas’ul rahbarlari qatnashmoqda.
O‘n davlatni birlashtirgan mintaqaviy tashkilot – IHTning asosiy vazifasi a’zo mamlakatlar o‘rtasida barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash hamda savdo va investitsiya sohasidagi integratsiyani mustahkamlashdan iborat. 1985 yil Eron, Pokiston va Turkiya tashabbusi bilan tashkil etilgan tuzilmaga 1992 yildan keyin Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidan yetti mamlakat, jumladan O‘zbekiston ham qo‘shilgan. Bugungi kunda IHT doirasida savdo, transport, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi muhim sohalarda keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Respublikamiz vakili tadbirda so‘z olib, O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalari, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya jarayoniga ta’siri va yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berarkan, a’zo davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik hamda kooperatsiya imkoniyatini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, diyorimiz Ozarbayjon bilan agrosanoat sohasida hamkorlikdan manfaatdorligini ta’kidladi.
– Hamkorlikka har ikki tomondan qiziqish kuchli, chunki bizda logistika xarajatini keskin kamaytirish imkoni bor, – deydi D.Vahobov. – Hozir Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, ammo import hajmi oz. Shu bois keltiriladigan tovarlar narxi yuqori. Qachonki muvozanatli aylanmaga erishsak, tadbirkorlar logistika xarajatini kamaytiradi. Natijada tannarx tushadi.
2024 yil yakuniga ko‘ra, IHT mamlakatlari bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi 11 milliard dollardan oshdi. Shundan 5,56 milliard dollari eksport, 5,48 milliard dollari import.
Forum davomida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etilib, yangi biznes g‘oyalari, hamkorlik loyihalari muhokama qilinmoqda. Anjuman tadbirkorlarimiz uchun yangi bozorlarga kirib borish, IHTga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqa ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA