Shubhali xulosalarga o‘rin qoldirmagan monografiya
Falsafaning borliq haqidagi ta’limoti o‘ta muhim va dolzarbdir. Falsafa haqida so‘z yuritganda faylasuflarning hech biri borliq tushunchasini chetlab o‘tmagan. Ular o‘zlarining borliq haqidagi shaxsiy fikrlarini bildirib, borliq muammosining turli qirralarini ochishga harakat qilgan.
Demak, borliq muammosi qadimiy lekin navqirondir. Fikrimizning dalili sifatida taniqli faylasuf Baxtiyor To‘rayevning "Borliq" (falsafiy tahlil) – monografiyasini olish mumkin. Bizningcha, ushbu monografiyada «Borliq» tushunchasi har tomonlama, ya’ni dialektika nuqtai nazaridan ilmiy, yaxlit holda tahlil qilingan. O‘quvchiga borliq haqida to‘la tasavvur beradi desak, xato bo‘lmaydi.
Borliq muammosini tushuntirishda yakdil fikr bo‘lmasada Baxtiyor To‘rayev o‘zining ko‘p yillik izlanishlari, hayotiy tajribasi, jahon falsafasining borliq haqidagi fikrlarni xulosa qilish natijalari asosida o‘quvchiga mukammal tushunchani beradi.
«Borliq, – deb yozadi B.O.To‘rayev, –mavjudlikning barcha (moddiy va ma’naviy) shakllarini, (real va noreal) turlarini va (o‘tmishdagi, hozirgi va kelajakdagi) ko‘rinishlarini o‘ziga qamrab oluvchi eng umumiy va universal falsafiy kategoriyadir».
Borliqni tushuntirishda ko‘proq tabiiy fanlar kashfiyotlariga murojaat qiladi va ularga tayanib shaxsiy fikrlarini mustahkamlaydi. Shuni ham ta’kidlash lozimki B.O.To‘rayev fundamental matematika, fizika, biologiya, ximiya, genetika fanlarining kashfiyotlari bilan yaqindan tanish va shu fanlar muammolarini bilishi nuqtai nazaridan mukammal o‘rgangan.
74 bo‘limdan iborat bo‘lgan bu monografiyada borliqning sxemasi tasvirlab berilganki, muallifning ushbu sohalarni mukammal o‘rgangani holda shaxsiy fikrlarini muloqotga kiritgan.
Biz yuqorida qayd etilgan bo‘limlarning ba’zi birlari haqida to‘xtalamiz. Jumladan, muallif monografiyaning birinchi bobida, ya’ni borliq falsafasi (ontologiya) borliqning umumiy mohiyati va mazmunini ochib berishda substansiya, «aksidensiya va substrat, borliq va yo‘qlik, mavjudlik va reallik tushunchalariga e’tiborni qaratgan. Ushbu sohalar borliq falsafasining keng qirralarini tushunishga yordam beradi.
Borliq haqidagi ta’riflarni tahlil qilganda, unga shaxsiy ta’rifini beradiki, bu ta’rif mening nazarimda boshqa ta’riflardan o‘zining qisqaligi, lekin keng qamrovliligi bilan farq qiladi.
Monografiyaning ikkinchi bobi birinchi bob bilan mantiqiy bog‘langan va borliqning shakllari tahlil qilinib, xulosalar chiqarilgan. Ayniqsa, borliqning aktual va potensial, real va virtual jihatlari haqida yangicha yondashilgan holda ma’lumotlar berilganki, bu ma’lumotlar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Jumladan, (namoyon bo‘lib turgan) aktual borliq bilan potensial borliqning o‘zaro munosabatini muallif quyidagicha ta’riflaydi: «Borliqning hali voqelikka aylanmagan va kelgusida aktual voqelikka aylanadigan murtak holidagi qismi potensial borliq deyiladi. Potensial borliq hali voqelikka aylanishga ulgurmagan aktual borliqdir».
Monografiyaning uchinchi bobida o‘quvchini yanada jiddiyroq holda borliq kategoriyasiga yondashishga undaydi. Chunki unda ko‘pgina adabiyotlarda yoritilmagan sohalar aks etgan.
Tadqiqotning dolzarbligi shundaki, muammo hozirgi zamon fan yutuqlari asosida tahlil qilinib, xulosalar chiqariladi. Olim muammoni tushuntirishga o‘ta mas’uliyat bilan yondashadi. Shubhali xulosalarga o‘rin qoldirmaydi. Borliqni tushunishi orqali odob-ahloq normalarining ijobiy takomillashiga yordam berishini ta’kidlaydi. Borliqdagi tabiiy va ijtimoiy sohalarning o‘zaro dialektik munosabatini ochib beradi. Bunga dalil sifatida kitobdagi «tartiblanganlik», «mo‘ljallanganlik», «fazo va vaqt modellari», «bog‘langanlik», «o‘lchamlilik» paragraflarini olish mumkin. Ushbu paragraflardagi tahlillar borliqdagi turli xususiyatlarni inson faoliyati bilan bog‘langanligi, ularni bilish olamni bir butun tushunishga yordam berishi ta’kidlangan.
Asarning to‘rtinchi bobi yanada qiziqarli va tushunarli qilib bayon qilinganligi bois o‘quvchi yoki mutaxassis o‘ziga kerakli ma’lumotlarni to‘laligicha oladi. Chunki borliqning materiya shakli haqida yuzlab, minglab adabiyotlar, maqola va risolalar, qarashlar mavjud bo‘lsa-da, muallif ushbu muammoga yangicha yondashib, xulosalar chiqargan.
Monografiyaning beshinchi bobi borliqning shakli kosmologiyaga qaratilgan. Unda kosmologiyaning mohiyati, kosmologik modellar, Eynshteynning silindrsimon koinot modeli, nostatsionar modellar, portlash nazariyasi, statsionar kengayuvchi Koinot modellari kabi bir qancha boshqa sohalar tadqiq qilingan.
Mazkur monografiya 6-bob bilan yakunlanar ekan, unda ong borliqning ma’naviy shakli sifatida tahlil qilingan. Ongning voqelik in’ikosi sifatida, ong va nutq, til va tafakkur, ongning tarkibiy unsurlari ustida zamonaviy fikrlar bildirilgan.
Yettinchi bob esa olamning birligi va xilma-xilligi masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘quvchilar bu bobdan olamning murakkabligi va xilma-xilligining birligi haqida qiziqarli falsafiy g‘oyalar olishi mumkin.
Avvalo, bu asar tinmay olib borilgan izlanishlarning, og‘ir mehnatning natijasidir. Umuman aytganda, ushbu monografiya falsafa fanining «Borliq» to‘g‘risidagi xulosalarini oydinlashtiradi, mavhumlikdan aniqlikka yetaklaydi. Shaxs dunyoqarashini kengaytiradi.
Kitobning yana bir xususiyati shundaki, undagi barcha materiallar kirill grafikasidan tashqari lotin grafikasida ham takrorlab berilgan. Bu lotin grafikasida o‘quvchi yoshlarimizga muhim yordamchi bo‘lishiga ishonamiz.
Ziyodulla Davronov, falsafa
fanlari doktori, professor