Shoir va dramaturg To‘ra Mirzo – 70 yoshda
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoir, dramaturg, xalqaro Fuzuliy mukofoti sovrindori To‘ra Mirzo tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda shoirlar, yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
Ijodiy uchrashuvda To‘ra Mirzo milliy she’riyatimizda o‘z ovoziga, o‘z muxlislariga ega ijodkor ekani e’tirof etildi. Uning she’riyatida milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘usi, halollik, inson qadr-qimmati, mehr-oqibat, umrning g‘animatligi g‘oyat katta samimiyat bilan tarannum etiladi.
Ayni paytda ustoz ijodkor she’rlarida turli illatlarga, loqaydlikka murosasizlik, hayotga yangicha qarash, insonni ulug‘lash g‘oyalari ustuvor o‘rin egallaydi.
Ijodkor 1985-yili “Maysalar hayqirig‘i”, “Go‘ro‘g‘lining belanchagi” she’riy to‘plamlari uchun Yoshlar Ittifoqi mukofotiga sazovor bo‘lgan.
To‘ra Mirzoning shoir sifatida o‘ndan ortiq she’riy kitoblari Toshkentda, ikkita she’riy kitobi Moskva nashriyotlarida, 4 pesasi Moskvaning bir qator nashriyotlarida chop etilgan.
1999 yil 1-sentabr kuni To‘ra Mirzoning “Amir Temur” she’riy dramasining premerasi Mulla To‘ychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazildi.
Ushbu she’riy dramasi uchun To‘ra Mirzoga 1991 yili MDH yozuvchilar uyushmasi hamjamiyatining Xalqaro Fuzuliy mukofoti berildi.
1992-yili “Amir Temur” videofilmi Jidda davlat televideniyesida namoyish qilingan. Bu drama AQSH “World” (“Jahon”) jurnalida nashr qilindi.
Shoir shuningdek, dramaturgiya sohasida 5 ta, she’riy asarlari uchun 5 ta xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan.
To‘ra Mirzoning “Maysalar hayqirig‘i”, “Go‘ro‘g‘lining belanchagi”, “Tonggi maktublar”, “Kulgixona”, “Amir Temur vasiyati”, “Bug‘doy so‘z”, “1111” birlik, “2222” ikkilik, “333” uchlik, “444” to‘rtlik, “Ko‘ngil xaritasi”, “Ko‘ngil Jamolungmasi” kitoblari chop etilgan.
2008 yili To‘ra Mirzoga “Amir Temur va Yildirim Boyazid munoqashasi” she’riy asari uchun Turkiyaning mumtoz shoiri Qoracha O‘g‘lon mukofoti berildi.
Ijodkorning o‘ndan ortiq pesalari yurtimiz teatrlarida sahnalashtirilgan. Xususan, “Ahmad ila Oqbilak”, “Bekat”, “Sochidan salom”, “Tonggi tramvay”, “Poytaxt latifalari”, “Saratondagi izg‘irin”, “Amir Temur”, “Amir Temur va Yildirim Boyazid”, “Soxta malika” va boshqa asarlari, o‘nlab tarjimalari sahnalashtirilgan va nashr qilingan.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida uning “Soxta malika”, “O‘tgan-o‘tmagan kunlar”, (Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani asosida), “Jadidlar” musiqali dramalari sahnalashtirilgan.
[gallery-28446]
To‘ra Mirzo shuningdek, “Oyonam-qaynonam”, “Alovuddinning sehrli chirog‘i”, “Garovdagi muhabbat”, “Tuzoq”, “Afrika go‘zali”, “Asl xazina”, “Antiqa sovchilar”, “Uyg‘onish” va “To‘maris” spektakllarida ijro etilgan qo‘shiqlar matnining muallifidir.
Ijodkor 18 yil davomida teatrning adabiy emakdoshi bo‘lib faoliyat ko‘rsatar ekan, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri va uning ijodkorlari haqidagi ko‘plab maqolalari “Teatr”, “Guliston”, “Sharq yulduzi” kabi jurnallar, respublika gazetalari hamda Turkiyaning “Qardosh qalamlar” jurnalida chop etilgan.
Adabiy uchrashuvda so‘zga chiqqanlar adibning ijodiy va mehnat faoliyati, asarlarining mazmun-mohiyati haqida so‘zladi. Ijodkorga uyushmaning hamda mehmonlarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (suratlar), O‘zA muxbirlari