Shohruh Davlatov VIII Toshkent xalqaro marafonida g‘olib bo‘ldi
Poytaxtimiz Toshkent shahrida VIII Toshkent xalqaro marafonida ilk g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Erta tongdan sportsevar yurtdoshlarimiz hamda musobaqa mehmonlari “Humo Arena” majmuasi oldidagi maydonga jam bo‘ldi. Tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan rasmiylar marafon nufuzi va unga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib borayotgani, bu esa yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.
[gallery-28567]
Shundan so‘ng marafon yo‘nalishidagi dastlabki bellashuvlarga start berildi. 42 kilometr 195 metr masofaga kechgan musobaqada hamyurtimiz Shohruh Davlatov g‘alaba qozondi. Shuningdek, Andrey Petrov (O‘zbekiston) kumush, Vladislav Pryamov (Belarus) esa bronza medal bilan taqdirlandi.
Kun davomida ishtirokchilar 21, 10 va 5 km. masofalarda bellashadi. Shuningdek, skandinavcha yurish, inklyuziv yo‘nalish hamda bolalar o‘rtasidagi musobaqalar ham tashkil etiladi.
[gallery-28565]
Tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mazkur musobaqada 50 dan ortiq davlatdan 15 000 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA