Shohimardonda sel yo‘llari nazoratda
1998-yil ro‘y bergan Shohimardon fojeasi – katta toshqin oqibatida qurbonlar bo‘lgani Farg‘ona viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati va mutaxassislarini har doim sergaklikka chorlab turadi. O‘sha yillardagi kabi toshqin oldi olingan bo‘lsada, bahorgi yog‘ingarchilik tufayli sel xavfi hali ham bor.
Farg‘ona viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik G‘. Alaviddinov rahbarligida viloyat ishchi guruhi vakillari ishtirokida Farg‘ona tumanining tog‘li hududlari hisoblangan Shohimardon va Yordon mahallalarida mavjud sel yo‘llarining holati atroflicha o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida sel yo‘llarining o‘zanlarini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash hamda suv oqimining erkin va xavfsiz o‘tishini ta’minlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mavjud muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Mazkur hududlarda sel-toshqin xavfini kamaytirish, aholi xavfsizligini ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirildi.


Aholi bilan bevosita muloqotlar tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi hamda mavjud muammolar o‘rganildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA