Shirinning eksport xaritasi kengaymoqda
Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida eksport va investitsiya faolligi ortib bormoqda. Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida shahardagi 19 ta korxona tomonidan 2,4 million dollarlik mahsulot Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya va Pokiston bozorlariga eksport qilindi. Shu davrda shahar iqtisodiyotiga 53 million dollar xorijiy investitsiya jalb etildi.
Bu haqda Shirin shahar hokimligida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «Eksport salohiyatini oshirish va mahalliy mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Eksport geografiyasi kengayishi bilan birga tashqi bozorlarga chiqarilayotgan mahsulotlar turi ham ortib bormoqda. Xususan, «Teplo Elektro Montaj 20» MCHJ tomonidan qora metall va undan tayyorlangan buyumlar, «Wang Da Rolling Steel» MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan metalloprokat mahsulotlari xorijiy bozorlarga yetkazib berilgan.

Agrosanoat yo‘nalishidagi korxonalar ham eksport jarayonida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, «Shirin Fruit» MCHJ karam va loviya, «Shirin Export» MCHJ piyoz va pomidor, «Xorazm Dried Fruits Export Trade» MCHJ esa tariq va loviya mahsulotlarini xorijiy xaridorlarga yetkazib berdi.

Bu natijalar Shirin shahrida eksport salohiyati sanoat mahsulotlari bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisobiga ham kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Korxonalarning yangi tashqi bozorlarga kirib borishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkonini kengaytirmoqda.
Shaharda investitsiya faolligi ham izchil oshib bormoqda. 2026-yilda hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 94,2 milliard so‘mlik 23 ta loyihani ishga tushirish va 158 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan.
Hisobot davrida umumiy qiymati 27,6 milliard so‘mlik 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 98 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

— Hisobot davrida amalga oshirilgan investitsiya loyihalari shaharda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, sanoat va tadbirkorlik faolligini oshirish, mahalliy mahsulotlar hajmini ko‘paytirish hamda eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda, — deydi Shirin shahar Investitsiyalar, sanoat va savdo sho‘basi bosh mutaxassisi Sherzod Abdunazarov.
Shahar iqtisodiyotiga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 53 million dollarni tashkil etib, belgilangan reja 210 foizga bajarildi. «Eko qog‘oz», «Wang Da Rolling Steel» MCHJ qo‘shma korxonasi hamda «Farhod va Shirin zamini» korxonalaridagi loyihalar xorijiy investitsiyalar hisobiga rivojlantirilmoqda.
Eksport salohiyatini oshirishda tadbirkorlarga yaratilayotgan shart-sharoit va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Matbuot anjumanida eksportyor korxonalarning transport va sug‘urta xarajatlarini kompensatsiya qilish, xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda yangi tashqi bozorlarga chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini yanada oshirish, tashqi bozor talablariga mos va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi xaridorlar hamda xorijiy hamkorlarni jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan javoblar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri