Shinjon tajribasi O‘zbekiston suv xo‘jaligiga nima beradi?
Suv resurslarini tejamkor boshqarish, sug‘orish jarayonlarini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish - bugun suv xo‘jaligi oldida turgan muhim vazifalardan. O‘zbekiston suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan ayol mutaxassislar Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga o‘quv-tanishuv safari davomida ana shu yo‘nalishlardagi ilg‘or tajribalarni o‘rgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan ayol xodimlardan iborat delegatsiyaning besh kunlik tashrifi Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi PQ-47-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi. Mazkur qarorda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha mutaxassislar malakasini Xitoyning Shinjon tajribasi asosida oshirish vazifasi belgilangan.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari suv tejovchi texnologiyalar, intellektual sug‘orish, suv resurslarini raqamli monitoring qilish va boshqarish bo‘yicha amaliy yechimlar bilan tanishdi. Shuningdek, suv xo‘jaligida ayollarning kasbiy rivojlanishi va yetakchilik salohiyatini oshirish bo‘yicha Xitoy tajribasi o‘rganildi.
Shinjon qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasida aniq va intellektual sug‘orishga mo‘ljallangan zamonaviy texnologiyalar namoyish etildi. Qishloq xo‘jaligi ob’ektlarida avtomatlashtirilgan nasos stansiyalari, suvni filtrlash va sug‘orish jarayonini boshqarish tizimlari ishlash tamoyili ko‘rsatib berildi.
Ayniqsa, qariyb 2 720 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishni ta’minlaydigan markazlashtirilgan filtrlash tizimi delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu yechim suvni tozalash, uni samarali taqsimlash va sug‘orish jarayonini aniq boshqarish imkonini beradi.

Shixetszi shahrida esa suv omborlarini raqamli monitoring qilish tizimlari, sensor texnologiyalar, sug‘orishni avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish va intellektual filtrlash yechimlari o‘rganildi. Bu texnologiyalar suvdan foydalanishni nazorat qilish, jarayonlarni tezkor boshqarish va resurslar sarfini optimallashtirish imkonini berishi bilan ahamiyatli.
Tashrifning yana bir muhim yo‘nalishi suv xo‘jaligida ayollarning rolini kuchaytirish bo‘ldi. Xitoylik soha vakillari bilan muloqotlarda ayollarning texnik kompetensiyalarini oshirish, boshqaruvdagi ishtirokini kengaytirish va professional aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, Shinjon tajribasi O‘zbekiston uchun suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amaliy ahamiyatga ega. Tashrif davomida olingan bilim va amaliy ko‘nikmalar suv resurslarini samarali boshqarish, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va raqamli yechimlardan keng foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Nasiba Ziyodulayeva, O‘zA