She’rlari asrlar bilan bo‘ylasha oladigan shoira
17-may — Halima Xudoyberdiyeva tavallud topgan kun
Dono xalqimizda “boʻladigan bola bolaligidan maʼlum “degan hikmatli gap bor. Halima Xudoyberdiyeva ikki yoshligida onasidan ayriladi. Xolasi va amakisi qoʻlida tarbiyalanadi. Yettinchi sinfda oʻqiyotganda Boyovut tumani gazetasida “Olaqashqa “nomli ilk sheʼri bosilib chiqadi. Halima Xudoyberdiyevaning ilk sheʼrini adabiyot fani oʻqituvchisi Akrom Karimnazarov maktabdagi oʻquvchilar ishtirokidagi katta yigʻinda oʻqib beradi. Bu oddiy hodisa yosh Halima Xudoyberdiyevaga qanot bagʻishlaydi.
Shoiraning dastlabki kitobi Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMu) Jurnalistika fakulʼtetining 1-bosqichida “ Ilk muhabbat “(1968) nomi bilan chop etiladi. 5-bosqichda esa “Oq olmalar "nomli ikkinchi kitobi (1973) oʻn ming nusxada bosilib chiqadi. Bu dastlabki kitoblar oʻzbek adabiyotiga yangi bir ohang, yangi bir isteʼdod chaqmoq kabi yonib kirib kelayotganidan darak berardi.

Halima Xudoyberdiyeva Toshkentda oʻqishni tugatganidan keyin Moskvada Gorʼkiy nomidagi Adabiyot institutining Oliy adabiyot kursida oʻqidi. Moskvadagi ikki yillik oʻqish davri Sirdaryo viloyatining chekka Boyovut tumanida tugʻilgan yosh shoira hayotida katta burilish yasadi, oʻchmas iz qoldirdi. Oʻqishi davomida jahon adabiyotida mashhur boʻlgan Chingiz Aytmatov, Yevgeniy Yevtushenko, Bella Ahmadullina, Andrey Voznesenskiy, Robert Rojdestvenskiy, Silʼva Kaputken kabi taniqli ijodkorlar bilan yaqindan tanishish va suhbatlashish baxtiga muyassar boʻldi. Natijada gʻarb va rus adabiyotini teranroq angladi.
Halima Xudoyberdiyeva Moskvadan qaytganidan keyin hozirgi “Yangi asr avlodi “,”Yozuvchi “nashriyotlarida, uzoq yillar “ Saodat” jurnali va turli gazetalarda faoliyat koʻrsatdi. Nashriyotlar, gazeta-jurnallar shoira dunyoqarashini oʻstirib, uning uchun ijod maktabi vazifasini bajardi. Koʻrgan-kechirganlari, idrok etganlari, hayot quvonchu tashvishlari sheʼr boʻlib, qogʻozga tushdi. Natijada 102 ta sheʼr va toʻrtliklari jamlangan “ Suyanch togʻlarim “kitobi Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida 1976-yilda 10000 nusxada bosilib chiqdi. Shuningdek,” Bobo quyosh “(1977) oʻn ming , “Sadoqat “ (1983) oʻn ming, “ Yuragimning ogʻriq nuqtalari“, “Zamon. Axloq. Oila." nomli publitsistik maqolalaridan iborat toʻplami 1991-yilda yigirma ming , “Hurlik oʻti “ (1993) 50 ming ,” Yoʻldadirman “ ( 2006) besh ming nusxada nashr etildi. Shoira kitoblarining katta adadlarda chop etilishining sababi, ular nashriyotlarga kattagina daromad keltirayotganidan edi. Chunki muxlislar Halima Xudoyberdiyeva kitoblarini izlab yurishardi. Kitoblar qisqa vaqt ichida sotilib ketardi. Bu holat shoira sheʼrlarining xalqimiz tomonidan yaxshi kutib olinayotganidan ham darak berardi.
Halima Xudoyberdiyevaning keyingi yillarda “ Chaman”, “ Gordostʼ”, “ Issiq qor “, “Muqaddas ayol “, “ Bu kunlarga yetganlar bor....,“ Toʻmarisning aytgani”, “Saylanma”,” Buyuk qushlar “, “ Osoyishta sham”, “ Yillar nafasi” kabi kitoblari ham dunyo yuzini koʻrdi.
Shoira kitoblariga taniqli ijodkorlar, adabiyotshunos olimlardan Zulfiya, Abdulla Oripov, Ibrohim Gʻofurov, Ozod Sharofiddinov, Sirojiddin Sayiid soʻzboshi yozganlar. Xalqimizda “ Doʻstlaringning kimligini ayt, men seni kimliginingni aytaman ” degan gap bor. Oʻzbek adabiyotining dargʻalari eʼtirofiga tushish hammaga ham nasib qilmaydi.

Oʻtgan asrning 70- yillarida, ayniqsa,yoshlar oʻrtasida Halima Xudoyberdiyevaning “ Biz olmamiz “,” Dorilamon kunlar keldi “, “ Har gap oʻtsa mendan oʻtdi”, “ Siz bilan “, “Men olmaman “, “ Seni soʻrashar “,” Koʻpdan koʻrishmadik” ,“ Begim...”sheʼrlari juda mashhur edi. Ayniqsa , yoshlar oʻrtasida Halima Xudoyberdiyevaning sevgi-muhabbat mavzusidagi sheʼrlari juda keng yoyilgan. Mubolagʻasiz aytish mumkinki, yigirma yoshlilar Halima Xudoyberdiyevaning yuzlab sheʼrlarini yoddan bilishardi.
Eslayman, Toshkent shahridagi “ Bilim “ jamiyatining taxminan 500 kishilik zalida sheʼriyat kechalari oʻtkazilardi. Sheʼriyat kechasini oʻsha paytlarda “Oʻzbegim “ qasidasi bilan elda mashhur boʻlib ketgan sevimli shoirimiz Erkin Vohidov olib borardi. Ana shunday kechalarning birida Erkin aka navbatdagi ijodkorni eʼlon qildi:
— Navbat yosh sevimli shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaga. Erkin Voxidov oʻrnidan turib, sahnadagi mikrofonga ishora qildi.
Hech qanday grimsiz, ikkita qop-qora sochini orqasiga tashlab olgan qorachadan kelgan, boʻydorgina qiz oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻyib, avval Erkin Vohidovga, keyin esa zalda oʻtirganlarga yengil taʼzim qildi. Shoira sheʼrini yoddan oʻqiy boshladi. Chunki yosh ijodkorning qoʻlida hech qanday qogʻoz yoʻq edi. Bu holat doimiy anʼanani buzish edi. Odatda har bir sahnaga chiqqan ijodkor qoʻlida kitobi yoki jurnal, gazetada chop qilingan sheʼrlarini koʻtarib olgan boʻlardi. Jarangdor, shiddatli tarzda sheʼr yangray boshladi:
Onaginam !
Dorilamon kunlar keldi, shafaqlari ol,
Qayon boqsang, shaylanishar va sozlashar tor.
Olcha gulin koʻzlaringga surtasan behol,
Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.
Ishonasizmi, besh yuz kishilik zal bu sheʼrni xor boʻlib kuylashdi...
2008-yil Oʻzbekistonda “Yoshlar yili” deb nomlangan edi. Isteʼdodli shoir Muhammad Ismoil va Halima Xudoyberdiyeva Guliston davlat universitetiga tashrif buyurdilar. Ijodiy uchrashuv sheʼriyat kechasi emas, balki eʼtirof kechasi boʻldi. Chunki Halima Xudoyberdiyeva qaysi sheʼrini oʻqishni boshlasa, zaldagi talabalar sheʼrni davom ettirdilar. Bu holat oʻn martalab takrorlandi. Halima Xudoyberdiyeva nihoyatda xursand boʻldilarki, asti qoʻyaverasiz.
— Men bunday holatni yigirma yillar oldin koʻrgandim. Mening sheʼrlarimni bu darajada koʻp va xoʻb yodlaganlarni yaqin yillarda koʻrmagan edim. Barchangizga chin qalbimdan, cheksiz minnatdorchilik bildiraman, — degan edilar.
Halima opa – koʻngil kuychisi edi. “Sen muqaddassan, muqaddas ayol”, “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor” satrlarini yozish uchun ham juda katta sehr, ilohiylik, aql-idrok, donishmandlik kerak edi. Bu oʻlmas satrlar hech qachon eskirmaydi, dolzarbligini yoʻqotmaydi. Ular Halima Xudoyberdiyevaning el suygan, ulugʻ shoira ekanligidan dalolatdir.
Ayol—Iroda, Ayol—Oriyat, Ayol—Shijoat ! deyishgan faylasuflar. Halima Xudoyberdiyevada mana shunday ajoyib fazilatlar mujassam edi.
Benazir shoiramiz, minglab yoshlar va qalamkashlarning ulugʻ ustozi Halima Xudoyberdiyevaning boqiy hayoti, oʻlmas sheʼriyati davom etmoqda.
Ravshanbek Mahmudov,
Guliston davlat universiteti professori.
OʻzA