Shaxmat: Sovrinli o‘rinlardan reyting ochkolari muhim
Singapurda shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Singapore International Open” turnirining ortda qolgan 8-tur bahslaridan so‘ng mamlakatimiz shaxmatchi qizlari sovrinli o‘rinlar uchun kurashni yakunlagan bo‘lsa-da, reyting ochkolarni jamg‘arish uchun o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazmoqda.

E’tiborli jihati, umidli shaxmatchi qizimiz Guldona Karimova 7-turda oq donalarda filippinlik grossmeyster Jon Gomezga yutqazib qo‘yishi natijasida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlikdan mosuvo bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Nodira Nodirjonova, Umida Omonova, Barchinoy Shokirjonova, Marjona Malikova va Asal Salimova 7-turda g‘alabaga erishdi. Nilufarxon Imomqo‘ziyeva singapurlik raqibi bilan murosa yo‘lini tanladi. Nodirjonova filippinlik grossmeyster Laylo Darvindan, Omonova esa mo‘g‘ulistonlik Sumiya Bilguundan ustun keldi.

Ochkolarini 4,5 taga yetkazib olgan Nodirjonova va Omonova qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 59 va 60-o‘rinda bormoqda. Shuncha ochkoga ega ispaniyalik Eduardo Iturrizaga 37-pog‘onani band etganining o‘zi yurtimiz shaxmatchi qizlari 285 nafar ishtirokchi orasida munosib natija qayd etayotganidan dalolat, deyish mumkin.
Hamyurtlarimizdan Barchinoy Shokirjonova 4 ochko bilan 103, Guldona Karimova 3,5 ochko bilan 121-o‘rinni, 3,5 ochkoga ega Asal Salimova 144-pog‘onani band etgan. Polshalik Yan Klimkovski 6 ochko bilan turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi.
Kecha o‘tkazilgan 8-tur o‘yinlarida shaxmatchi qizlarimizning hech biri muvaffaqiyatga erisha olmadi. Umida Omonova, Barchinoy Shokirjonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva va Asal Salimova durangga erishgan vaziyatda qolgan barcha shaxmatchi qizlarimiz mag‘lubiyatga uchradi.
Bugun, 5 dekabr kuni nufuzli musobaqaning so‘nggi 9-turida hamyurtlarimizdan Umida Omonova xitoylik, Nodira Nodirjonova va Barchinoy Shokirjonova hindistonlik shaxmatchilar bilan kuch sinashadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA