Shaxmat musobaqasida talabalar faol ishtirok etdi
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida hisoblash matematikasi va axborot tizimlari kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan talabalar uchrashuv, shaxmat musobaqasi ham xuddi shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Professor L.Varlamova va dotsent S.Bahromov ishtirokidagi uchrashuv talabalarda katta taassurot qoldirdi. Uchrashuv qizg‘in shaxmat musobaqasi bilan davom etdi. Musobaqada kafedra o‘qituvchilari ham ishtirok etgani tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

Ushbu o‘yin zaminimizda qadim-qadimdan keng quloch yoygan. Harb ilmi va shatranjda tengsiz bo‘lgan Sohibqiron odatdagi shaxmatning qonun-qoidalarini isloh qilib, hatto murakkab shaxmat turini yaratgan. Unga “Shatranji komil” deb nom berilgani tarixdan ma’lum. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorlari yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarning intellektual salohiyatini o‘stirishga xizmat qilmoqda.

E’tiborlisi, talabalar o‘rtasida tashkil etilgan musobaqa doirasida 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi, rapid bo‘yicha 2021 yilgi jahon chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar sovrindori Nodirbek Abdusattorov mahorat darslari o‘tdi, ishtirokchilar bilan o‘z tajribalarini bo‘lishdi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
O‘zA