Shahrisabzning boy hunarmandchilik an’analari namoyish etilmoqda
Respublika "Hunarmand" uyushmasi tomonidan Shahrisabz shahrida «Iroqi» xalqaro kashtachilik festivali o‘tkaziladi. Mazkur tadbir doirasida «Iroqi kashtachilik», «Ipak kashta jilosi» festivallari hamda Respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etilishi belgilangan. Poytaxtimizda ushbu festivallarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda festivalning maqsad va vazifalari, milliy kashtachilik san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbek milliy kashtachilik an’analarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish masalalari haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, xalqaro festival doirasida milliy kashtachilik namunalari ko‘rgazmalari, mahorat darslari, ilmiy-amaliy anjumanlar, ijodiy uchrashuvlar va turli tadbirlar tashkil etiladi.

Xalqaro va mahalliy hunarmandlar, dizaynerlar, ekspertlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida Shahrisabzning boy hunarmandchilik an’analari yana bir bor namoyon bo‘ladi. Milliy hunarmandchiligimizning betakror namunalari va Shahrisabzning tarixiy-madaniy merosi keng targ‘ib etiladi.
G.Boboyeva,
O‘zA