Senator so‘rovi: “Forish - Nurota” yo‘lida aholini qaynayotgan muammo qachon bartaraf etiladi?
Ma’lumki, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ichki turizmni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bayram va dam olish kunlari soni oshirildi.
Biroq, amaliyot ko‘rsatishicha, ko‘plab yurtdoshlarimiz 4 - 5 kunlik dam olish muddatining ikki kunini yo‘lga, ya’ni Toshkentdan o‘zlari tug‘ilib o‘sgan hududlarga yetib borish va yana poytaxtga qaytishga sarflamoqda.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Husan Ermatov aholini qiynayotgan mazkur masalaga e’tibor qaratdi.
“Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarini qo‘ya turaylik, hatto Jizzax va Samarqand viloyatlarining poytaxtga yaqin tumanlariga borish ko‘plab fuqarolardan 6 - 7, ba’zan esa 8 soatgacha vaqt talab qilmoqda. Bunday holatlar nafaqat bayram kunlari, balki oddiy kunlarda ham kuzatilmoqda. Jumladan, yo‘ldagi ta’mirlash ishlari sababli ayrim yo‘nalishlarda harakatning bir tomonlama tashkil etilishi ko‘plab fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda”, deydi senator.
Shu bois, senator “Forish - Nurota” yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida transport vaziriga so‘rov yubordi.
So‘rovda aytilishicha, 2025-yil boshida “Forish - Nurota” yo‘lida katta ta’mirlash ishlari olib borilishi ma’lum qilingan, biroq bu borada qilingan ishlar haqida hali ham ma’lumot berilmagan.
Zotan, bu yo‘l faqatgina nurotaliklar yoki navoiyliklar uchun emas, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlaridan poytaxtga qatnaydigan minglab avtomobil egalari uchun qulay bo‘lishi kerak.
Shunda “Samarqand - Toshkent” yo‘lidagi qatnovlar tartibga solinib, G‘allaorol tumanidagi doimiy tirbandlikni bartaraf etishga erishiladi.
Shu munosabat bilan transport vaziridan “Forish - Nurota” yo‘lini rekonstruksiya qilish qaysi muddatga rejalashtirilayotgani va qancha transport oqimiga mo‘ljallanayotgani, “Toshkent - Samarqand” yo‘lidagi ortiqcha yuklamalarni yengillashtirish yuzasidan (yangi pulli yo‘ldan tashqari) qanday aniq choralar ko‘rilayotgani, bayram kunlari aholi duch kelayotgan ko‘plab muammolar yechimi yuzasidan asoslangan ma’lumot berish so‘raldi.
N.Abduraimova, O‘zA