Senator aholining e’tirozlariga sabab bo‘lgan chiqindi masalasiga e’tibor qaratdi
Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Chiqindilarni to‘plash, tashish va qayta ishlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, chiqindilar bilan bog‘liq ayrim muammolar aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi faoliyatidan Tiklanish mahallasi aholisi norozilik bildirmoqda. Chunki chiqindilarni tashish, tushirish, saqlash va qayta yuklash jarayonida badbo‘y hid atrofdagi hududga tarqalmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sh.Hasanovga ushbu masala yuzasidan senator so‘rovi yubordi.
Senator so‘rovida chiqindilarni vaqtincha saqlash va qayta yuklash stansiyasini joylashtirishda belgilangan talablarga rioya etilishi, uning sanitariya va ekologiya me’yorlariga muvofiqligi, loyihaviy quvvati, amaldagi yuklamasi, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, o‘z vaqtida chiqindilarni tashib ketish, maxsus transport vositalarining sanitariya-texnik holati, hududni obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar kabi masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish so‘ralgan.
N.Abduraimova, O‘zA