Senatning qonunchilik taklifi ko‘rib chiqildi
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklarining ustuvorligi, barchaning qonun oldida tengligi hamda har qanday kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari mustahkamlab qo‘yilgan. Bu inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilish borasidagi islohotlarning huquqiy asosini yanada kuchaytirdi.
Senatning “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunchilik taklifi fuqarolarning mehnat huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.

Mazkur qonunchilik taklifi parlament quyi palatasi majlisida ko‘rib chiqildi. Ushbu taklif O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining 111-sonli Konvensiyasi normalarini milliy qonunchilikka izchil joriy etishga xizmat qiladi. Unga ko‘ra, Mehnat kodeksida mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish belgilari qatori “terisining rangi” va “siyosiy qarashlar” tushunchalari bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, qonunchilik taklifida mehnat munosabatlarida inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ish joylarida shahvoniy shilqimlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Mehnat kodeksini mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘ymaslikka oid yangi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonunchilik taklifining qabul qilinishi fuqarolarning mehnat huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish, xalqaro mehnat standartlariga sodiqlikni amalda namoyon etish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA