Senatda yoshlar bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida Samarqand viloyatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash maqsadida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 201 loyiha uchun 8,7 milliard so‘m kredit ajratilgan. Shuningdek, “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha 174 loyihaga 1,7 milliard so‘m, “Yorqin kelajak sari” dasturi bo‘yicha 7 loyihaga 5,9 milliard so‘m kredit berilgan.
Savdo-sanoat palatasi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari, Kasbiy ko‘nikmalar markazlari va boshqa muassasalarda yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilmoqda. “Bitiruvchi yoshlar bandlik dasturi” doirasida esa 37 ming 810 nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan.
Shu bilan birga, muhokamalar davomida sohada qator muammolar mavjudligiga e’tibor qaratildi. Xususan, 2025-yilda ro‘yxatdan o‘tgan 3 ming 533 nafar yakka tartibdagi tadbirkor yoshlarning 1 ming 536 tasi o‘z faoliyatini shu yilning o‘zida to‘xtatgan.

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi 164 investitsiya loyihasidan atigi 12 tasi ishga tushirilgan, 110 tasida esa ishlar boshlanmagan.
Oqibatda rejalashtirilgan 1 ming 37 ish o‘rnidan bor-yo‘g‘i 37 tasi yaratilgan bo‘lib, ularning juda kam qismi yoshlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Viloyatdagi barcha sanoat zonalarida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari haligacha yakunlanmagan.
Tijorat banklari viloyatdagi 129 loyiha uchun Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasiga buyurtmanoma bergan. Biroq, shundan atigi 40 ta loyihaga mablag‘ ajratilgan.
Kasbiy ko‘nikmalar markazida “vaucher” asosida o‘qitilgan 2 ming 124 kishidan 1 ming 412 nafari, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida o‘qitilgan 7,2 ming nafardan 4 ming 244 nafari, Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘qitilgan 523 nafardan 309 nafarining bandligi ta’minlanmagan.
Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilinib, unda o‘rganish davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar zimmasiga vazifalar yuklatildi.
N.Abduraimova, O‘zA