Senat: Sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish, xavfsizlik choralarini unutmaslik kerak
Mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda qo‘llash masalasiga e’tibor kuchaydi. Raqamli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati va ularning sifati yuqori darajada bo‘lishini ta’minlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tahlillar ham sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hamda uni moliyalashtirish hajmi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Ushbu sohani tartibga solishda Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhim o‘rin tutadi.

Qonun bilan tegishli qonun hujjatlariga, jumladan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunda “Sun’iy intellekt” tushunchasiga huquqiy ta’rif berilgan. Ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari belgilanmoqda.

Axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari hamda ushbu texnologiyalardan foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar belgilanmoqda.
Qonun yuzasidan fikr bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva sun’iy intellekt imkoniyatlari qanchalik keng va qulay
bo‘lmasin, inson tafakkuridan ustun bo‘la olmasligini qayd etdi.
Bunday texnologiyalardan ezgu maqsadlarda foydalanish, bu jarayonda bolalar xavfsizligi ta’minlanishi zarur. Bu yo‘nalishda yetuk mutaxassislar tayyorlash vazifasi ham bor. Shu bois, alohida “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va shu asosda ish olib borish maqsadga muvofiq.
Qonun bo‘yicha mutaxassislar ham fikr bildirib, kadrlar tayyorlashda sun’iy intellektdan foydalanishning ijobiy va salbiy tomonlariga to‘xtaldi.
Senatorlar ma’qullagan qonun sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirish, undan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash hamda mazkur sohada yuzaga keladigan munosabatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
A.Mamadaminov (surat), O‘zA