School 21 maktabining ilk bitiruvchilariga diplom topshirildi
Toshkent shahrida raqamli texnologiyalar sohasida bepul ta’lim beruvchi School 21 loyihasining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Maktabning Toshkent va Samarqand kampuslarida tahsil olgan yoshlar ta’lim dasturini muvaffaqiyatli yakunlab, mehnat bozoriga yo‘l oldi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan mazkur maktab mamlakatimizdagi zamonaviy IT ta’lim markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda ta’lim «tengdosh-tengdoshga» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ishtirokchilar real loyihalar ustida ishlash orqali nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.
Maktabda Backend, Frontend, mobil dasturlash, GameDev, kiberxavfsizlik, Data Science, Machine Learning, UX/UI dizayn, loyiha va mahsulot menejmenti hamda bioinformatika kabi 13 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.
School 21da tinglovchilar an’anaviy ma’ruzalar orqali emas, balki mustaqil izlanishlar, jamoaviy loyihalar va real biznes vazifalarini bajarish jarayonida mutaxassis sifatida shakllanadi. Bugun bitiruvchilarning bir qismi xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, boshqalari o‘z startap va texnologik g‘oyalari ustida ish olib bormoqda.
[gallery-30045]
Hozirda maktabning asosiy ta’lim bosqichida 2 mingdan ziyod ishtirokchi tahsil olmoqda. Ilk bitiruvchilar esa mazkur ta’lim modeli samaradorligini namoyon etgan birinchi avlod sifatida ahamiyat kasb etadi.
— Ta’lim maskanimizga mamlakatimizning turli hududlaridan IT sohasiga qiziquvchilar yangi kasb egallash va mehnat bozorida munosib o‘rin topish maqsadida keladi, - deydi School 21 raqamli texnologiyalar maktabi ijrochi direktori Zarina Luqmonova. — Bu yerda 17 yoshdan oshgan har qanday fuqaro dasturlash va axborot texnologiyalari sohasidagi kasblarni mutlaqo bepul o‘rganishi mumkin. Bugun 60 nafar ishtirokchi ta’limni muvaffaqiyatli yakunladi. Ular Lobster.io, Better Web, EPAM, Webase, AVO, Uzcosmos, IT Park rezidentlari va boshqa qator tashkilotlarda amaliyot o‘tab, qimmatli ish tajribasini orttirdi.
Loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri qabul jarayoni hisoblanadi. Nomzodlar dastlab «hovuz» deb ataluvchi intensiv saralash bosqichida ishtirok etadi. Unda ishtirokchilarning avvalgi ma’lumoti yoki diplomi emas, balki mustaqil o‘rganish qobiliyati, muammolarni hal qilish mahorati, intizomi va jamoada ishlash ko‘nikmalari baholanadi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar keyingi bosqichlarda o‘quv loyihalari, jamoaviy topshiriqlar, kodlarni o‘zaro tekshirish tizimi, xakatonlar va amaliy mashg‘ulotlar orqali bilim va tajribasini mustahkamlaydi. Shuningdek, ular 13 ta ixtisoslik yo‘nalishidan birini tanlab, o‘z kasbiy rivojlanish yo‘lini belgilaydi.
Ta’lim jarayonining muhim qismi yetakchi IT kompaniyalari va texnologik tashkilotlarda tashkil etiladigan amaliyot hisoblanadi. Bu ishtirokchilarga real ish muhitida o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinab ko‘rish, sohadagi mutaxassislar bilan hamkorlik qilish imkonini beradi.
Bitiruv marosimida School 21 jamoasi, hamkor tashkilotlar, IT sohasi vakillari, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov ochib berib, mamlakatimizda raqamli kadrlar tayyorlashda amaliy ta’limning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Marosimning asosiy qismi bitiruvchilarga diplom topshirish tadbiri bo‘ldi. Bu ular uchun ta’lim bosqichining yakunlanishi bilan birga kasbiy faoliyatning yangi bosqichiga qadam qo‘yish ramziga aylandi.
— Avval tibbiyot sohasida mehnat qilgan bo‘lsam-da, raqamli texnologiyalarga qiziqishim meni School 21ga olib keldi, - deydi bitiruvchilardan biri Ziyoda Narziqulova. — Kiberxavfsizlik yo‘nalishini tanlab, bir qator loyihalarda ishtirok etdim. Jamoamiz bilan sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan «AI Medics» loyihasi va «Stars of Ulugbek» ta’limiy o‘yinini ishlab chiqdik. Kelgusida texnologiyalar orqali ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni amalga oshirishni rejalashtirganman.
Tadbirda ta’kidlanganidek, School 21ning ilk bitiruvchilari mamlakatimizda shakllanayotgan yangi avlod raqamli mutaxassislarining yorqin vakillari sanaladi. Ularning bilim va amaliy tajribasi iqtisodiyotning turli tarmoqlarida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Kamola YUSUPOVA, O‘ktam HAYITOV (surat), O‘zA