Saylovda yoshlar ham faol ishtirok etadi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tashabbusi bilan Shumanay tumanida “Men saylovga tayyorman” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tashabbusi bilan Shumanay tumanida “Men saylovga tayyorman” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Partiya qoshidagi “Yoshlar qanoti” tomonidan yosh avlodning siyosiy islohotlardagi faolligini oshirish, faol, tashabbuskor yoshlarni kadrlar zaxirasiga olish, ularni deputatlikka tayyorlash, tadbirkorlikka kengroq jalb etish maqsadida joylarda targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.
Tadbirda joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlis Parlamenti va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarning ahamiyati, o‘tgan saylovlardan farqli jihati, yangi Saylov kodeksining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bu yilgi saylovlar yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi. Har bir saylovchi, shu jumladan, yoshlar o‘z taqdirini yurt taqdiri bilan bog‘lar ekan, siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega. Partiya saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida bir qator aksiyalar, tadbir va uchrashuvlar orqali muhim siyosiy jarayonda yigit-qizlar faolligini oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olgan.
– Mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayon, ya’ni saylovlarda ilk bor ishtirok etayotganimdan xursandman, – deydi Shumanay agro iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Bahodir Asanov. – Bu yilgi saylovdagi o‘zgarishlar, yangi Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovchilarning huquqlari bo‘yicha tushunchaga ega bo‘ldim va tengqurlarimni saylovlarda faol bo‘lishga chaqiraman.
Tadbir yakunida partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini targ‘ib etishda faol ishtirok etib kelayotgan yoshlarning ota-onalariga tashakkurnoma topshirildi.