Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish tartibi qanday?
Taraqqiy etgan demokratik huquqiy davlatlarda saylovlarning adolatli o‘tishi bunday davlatlarda har bir saylovchining ovoz berish jarayonida ishtirok etishini ta’minlash borasida yaratilgan shart-sharoitlarning saylovchi-fuqarolar uchun qulayligi, kengligi hamda huquqiy asosga ega ekanligi bilan belgilanadi.
Xalqaro saylov standartlariga hamohang bo‘lgan O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligida ham barcha saylovchilar o‘zlarining siyosiy xohish-irodalarini erkin ifoda etgan holda ovoz berish jarayonida to‘sqinliksiz ishtirok etishini ta’minlash borasida muhim qoidalar belgilangan.
Mana shunday demokratik qoidalardan biri saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish huquqi institutidir.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egadir.
Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkazilishi belgilangan.
Muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etish uchun saylovchi nima qilishi lozim?
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 aprelda qabul qilingan qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da buning tartibi batafsil yoritilgan.
Demak, muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi doimiy yoki vaqtinchalik yashab turgan joyi bo‘yicha saylov uchastkasiga tashrif buyuradi. Mazkur uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi va saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan arizani taqdim etadi. Tegishli saylov komissiyasining a’zolari unga arizasi asosida saylov byulletenini va konvertni beradi.
Uchastka saylov komissiyasi saylovchidan saylov kunida bo‘la olmasligining sabablarini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishi taqiqlanadi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxati ko‘chirmasiga imzo qo‘yadi.
Uchastka saylov komissiyasi a’zosi muddatidan oldin ovoz bergan saylovchini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida saylovchilarning ro‘yxatida muddatidan oldin ovoz bergan saylovchi sifatida belgilashi shart.
Shundan so‘ng, saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan mustaqil qaror qabul qilishi orqali to‘ldiriladi. Saylovchi to‘ldirilgan saylov byulletenini konvertga soladi va yelimlab yopadi.
Saylovchi to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasi a’zosiga topshiradi. Uchastka saylov komissiyasining ikki nafar a’zosi saylovchi hozirligida konvertning yopiqligini tekshiradi va konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.
Konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Ovoz berish kuni, ya’ni 24-oktyabrda ovoz berish jarayoni yakunlanganidan so‘ng, uchastka saylov komissiyasi seyfda saqlanayotgan mudatidan oldin ovoz berilgan byulletenlarni seyfdan olib, statsionar ovoz berish qutisiga tashlaydi. Harakatlar ketma-ketligi bajarilgach barcha byulletenlar uchastka saylov komissiyasi tomonidan sanab chiqiladi. Bu jarayonni barcha kuzatuvchilar va shu yerda xozir bo‘lganlar kuzatib turadilar.
Bu jarayon xorijiy davlatlarda qanday bo‘ladi?
“O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq xorijdagi uchastka saylov komissiyalari saylovchilar soni ko‘pligini inobatga olgan holda va saylov kuni ovoz berish binosida navbatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarga muddatidan oldin ovoz berishni taklif qilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning saylovchilarimiz zich joylashgan hududlarida muddatidan oldin ovoz berish ularning turgan joyida o‘tkazilishi mumkin.
Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari yoki boshqa manbalar orqali xabardor etishi lozim.
Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish xorijdagi uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida, ko‘chma saylov qutilari va kabinalaridan foydalanilgan holda o‘tkaziladi.
Muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish uchun uchastka saylov komissiyalari saylov uchastkasidagi saylovchilar umumiy sonining besh foizi miqdorida saylov byulletenlarini hamda konvertlarni okrug saylov komissiyasidan muddatidan oldin ovoz berish boshlanishiga kamida uch kun qolganida oladilar.
Har bitta saylov byulletening tepa qismi, o‘ng tomoni uchastka saylov komissiyasining ikki nafar a’zosi tomonidan imzolanib, uchastka saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Agar byulleten yuqoridagi tartibda tasdiqlangan bo‘lmasa, ovozlarni sanab chiqishda bunday byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi.
Muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish saylovchining yashirin ovoz berish huquqini ta’minlashi, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan har qanday holatni bartaraf qilishi, saylov byulletenining xavfsiz saqlanishini hamda ovozlarni sanab chiqishda saylovchining ovozi hisobga olinishini ta’minlashi shart.
Xorijiy tajribada muddatidan oldin ovoz berish institutidan keng va samarali foydalaniladi
Saylovlarda muddatidan oldin ovoz berish tartibi ilg‘or xorijiy davlatlarda, xususan, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Finlyandiya, Norvegiya, Polsha, Ruminiya, Qozog‘iston va boshqa ko‘plab davlatlarda mavjud. Xususan, Rossiya Federatsiyasi Saylov kodeksining 102-moddasida muddatidan oldin ovoz berish tartibi va muddatlari batafsil yoritilgan.
Unga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish saylov yoki referendumlarni o‘tkazuvchi komissiyalar va saylovlarning darajasiga qarab turli muddatlarda, ya’ni saylovga kamida 20 kun qolganida, saylovga kamida 15 kun qolganida yoki saylovga kamida 10 kun qolganida boshlanib, saylovga 1 kun, 3 kun yoki 5 kun qolganida tugallanishi mumkinligi belgilangan. Bu jarayon Polshada saylovga kamida 5 kun qolganida boshlanib, 1 kun qolganida tugallanadi. Avstraliyada saylovga 15 kun qolganida boshlanib, saylovga 2 kun qolganida to‘xtatiladi.
Umuman olganda xorijiy tajribada muddatidan oldin ovoz berish institutidan keng va samarali foydalaniladi.
Muddatidan oldin ovoz berish 2021 yil 14 oktyabrdan boshlanadi
Markaziy saylov komissiyasining Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi tayyorlandi va bu MSK majlisida tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish belgilandi. Muddatidan oldin ovoz berish 2021 yil 14 oktyabrdan 2021 yil 20 oktyabrning yakuniga qadar o‘tkaziladi.
Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqtini soat 9:00 dan soat 20:00 ga qadar deb belgilandi. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 20:00ga qadar amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga saylov okrugi hududidagi saylovchilar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdorida saylov byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlarini, shuningdek shaxsiy himoya va dezinfeksiya vositalari 2021 yil 9 oktyabrga qadar yetkazib beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalariga saylovchilar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdorida saylov byulletenlarini va zarur kanselyariya buyumlarini, shuningdek shaxsiy himoya va dezinfeksiya vositalarini 11 oktyabrgacha yetkazilishini ta’minlash taklif etilmoqda.
O‘zA muxbiri
Nurillo NASRIEV tayyorladi