Saylov kampaniyasida opa-singillarimiz faol
Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Markaziy saylov komissiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida Toshkent shahridagi Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Xalqaro media-xollda “Xotin-qizlarning saylov huquqlari kafolatlari hamda saylovlarda ularning faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Mazkur tadbir xotin-qizlarning siyosiy faolligini, xususan, elektoral madaniyatini oshirish sohasida parlament, jamoat tashkilotlari, vakolatli davlat organlari, qonun ijodkorligi sub’ektlari hamda huquqni qo‘llash amaliyoti vakillarining xotin-qizlarning siyosiy ongi va elektoral madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ularning faolligini yanada kuchaytirish maqsadida o‘tkazildi.
Oflayn va onlayn tarzida o‘tkazilgan tadbirda parlament ikkala palata a’zolari, siyosiy partiyalar faollari, vazirlik va idoralar vakillari, Yoshlar parlamenti a’zolari, faol xotin-qizlar, OAV vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashgan bo‘lsa, hududiy studiyalardan Senat a’zolari, hududiy Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi a’zolari, xalq deputatlari viloyat (tuman, shahar) Kengashlari deputatlari, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raislari, siyosiy partiyalar vakillari, keng jamoatchilik, faol xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.
T.Norboyeva hozirgi vaqtda xotin-qizlar mamlakat aholisining qariyb 50 foizini tashkil etishi, ularning barcha sohalarda samarali mehnat qilishi, shu jumladan, siyosiy boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligi, saylovlarda ayollarning o‘rni beqiyos ekanligini, bugungi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanganligiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekistonda ayollar saylov jarayonlarining barcha bosqichlarida faol qatnashishi uchun erkaklar bilan teng sharoitlar yaratilganligini hisobga olib, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish muhim masala ekanligiga urg‘u berdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, Konstitutsiyamizda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi hamda fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin bildirish, umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqlari asosida yashirin ovoz berish kabi saylov huquqlarini amalga oshirishning asosiy prinsiplari mujassamdir. Mazkur konstitutsiyaviy normalar 2019 yilda qabul qilingan Saylov kodeksida to‘laligicha o‘z ifodasini topgan. Ayollarning siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyada ham ayollar barcha saylovlarda, hech qanday kamsitishlarsiz, erkaklar bilan teng sharoitlarda ovoz berish huquqiga hamda milliy qonunchilikda belgilangan tartibda saylanish huquqiga ega ekanliklari belgilab qo‘yilgan.
Qayd etib o‘tish kerak, Prezident saylovi jarayonida ayollarimiz ham saylovchi, ham prezidentlikka nomzod, ham saylov komissiyasining a’zosi, ham kuzatuvchi, ham ishonchli vakil sifatida erkaklar bilan teng sharoitda va erkin ishtirok etmoqda. Xususan, bugungi kunda Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolarining 104 nafari va uchastka saylov komissiyalari a’zolarining 65 ming 974 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 2019 yil Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylovda uchastka saylov komissiyalarining tarkibida 54 ming 361 nafar ayol ishtirok etgan. Bu yilgi raqamlar bilan ushbu ko‘rsatkich solishtirilganda, 21,3 foizga oshganligini ko‘rish mumkin.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda xotin-qiz saylovchilar soni qariyb 11 million nafarni tashkil etadi. Shuni hisobga olib, ayollar, shu jumladan, birinchi marta ovoz beradigan qizlarning saylovda faol ishtirok etishi, o‘zlari munosib, deb topgan nomzodga ovoz berish imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
“Ayol tabiatan, xoh nomzod, xoh saylovchi bo‘lsin, u o‘z fuqarolik nuqtai nazarini namoyon etmoqni ma’naviy-huquqiy mas’uliyat deb, ijtimoiy-siyosiy faollikka intilishni esa saylovga zo‘rma-zo‘raki chiqish emas, balki inson qalbining faxrli bir majburiyati, deb qabul qila oladigan zotdir”, degan so‘zlar erishgan va dunyo hamjamiyati tan olayotgan yutuqlarimizda xotin-qizlarimizning hissasini o‘ziga xos tarzda e’tirof etadi. Saylovlarda xotin-qizlar faol ishtirok etishi yurtimizda xotin-qizlarning salohiyatini yanada rivojlantirish, yetakchilik qobiliyatini kuchaytirish, siyosatchi, rahbar va jamoat arboblari sifatida o‘zlarini namoyon qilishga imkon yaratadi. Shu bilan birga, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, axborot va mafkuraviy islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirishda o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Bo‘lajak siyosiy jarayonda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning o‘z konstitutsiyaviy huquqidan erkin foydalanishi, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahallalarda bir qator targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, xotin-qizlarining siyosiy faolligini rag‘batlantirishda, eng avvalo, siyosiy partiyalarning alohida o‘rni borligi, ulardagi Ayollar qanoti tuzilmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida mutasaddilar tomonidan ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng respublikamizda xotin-qizlarning saylov huquqlaridan unumli foydalanishi va saylov jarayonlarida faol ishtirok etishini ta’minlash borasidagi ishlar muhokama qilindi. Xususan, Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan xotin-qizlarning joriy yilning 24 oktyabrida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida faol qatnashib, Yangi O‘zbekistonning gullab-yashnashi, yangidan-yangi yutuqlar va muvaffaqiyatlarga erishishida har birining hissasi borligi, daxldor ekanligini yuzaga chiqarishda keng jamoatchilik birgalikda harakat qilishi, ayniqsa, xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari tomonidan har bir mahalla, qishloq va ovullarda, shahar va tumanlarda xotin-qizlarning saylovlarda faol ishtiroklarini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni belgilangan muddatlarda kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan yaqinlashib kelayotgan siyosiy jarayonda opa-singillarimizning faolligini oshirish, ularning o‘z konstitutsiyaviy huquqidan erkin foydalanishi, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kabi masalalarda dolzarb taklif va tavsiyalar bildirildi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA