Sardobalik o‘quvchilarga rossiyalik o‘qituvchi saboq bermoqda
Rossiyalik malakali pedagog Sergey Nikanorov Sardoba tumanidagi 16-sonli umumta’lim maktabida faoliyat olib borayapti.
Sirdaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ayni paytda, viloyatdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilariga jami 790 nafar rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi ushbu fandan saboq berib kelmoqda.
Rus tili va adabiyoti fanini o‘qitish masalasiga mamlakatimizda alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi maktablarida rus tili fani va umumta’lim fanlarini rus tilida o‘qitishning sifatini oshirish”ga qaratilgan “Zo‘r!” (Klass) loyihasi tashkil etilgan.
Ana shu loyihaning 2-bosqichida Sirdaryo viloyatiga 4 nafar rossiyalik mutaxassis tashrif buyurgan bo‘lib, ular Boyovut, Xovos, Sardoba va Sirdaryo tumanlaridagi umumta’lim maktablarida faoliyat olib bormoqda.
Rossiyalik malakali pedagoglardan biri Sergey Anatolevich Nikanorov Sardoba tumanidagi 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 5-sinfidan 11-sinfigacha bo‘lgan o‘quvchilarga rus tili va adabiyoti fanidan dars o‘tib kelmoqda.
– Sergey Anatolevichning saboqlaridan o‘quvchilarimizning rus tili va adabiyoti faniga bo‘lgan qiziqish va e’tibori sezilarli darajada ortyapti, – deydi Sardoba tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Rustam Toshpo‘latov. – Rossiyalik malakali pedagog o‘quvchilarimizga ushbu fandan dars o‘tish bilan birga rus tili faniga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilarimiz bilan darsdan tashqari vaqtlarda to‘garaklar o‘tib, sardobalik o‘quvchilarimiz bilimini oshirishga o‘z hissasini qo‘shayotir. Biz bundan juda ham hursandmiz.
A.Qayumov, O‘zA