San’at olami – talabalar nigohida
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “Musiqa ta’limi: jahon miqyosida yagona maydon sari” xalqaro ilmiy-amaliy forum doirasida “San’at olami – talabalar nigohida” mavzusida III respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimiz va xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabalari, magistrant, yosh tadqiqotchi, san’atshunos va pedagoglar ishtirok etdi.
Yalpi majlisda akademiya rektori professor Shuhrat To‘xtasimov Yangi O‘zbekiston yoshlarining ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, milliy san’at maktabini rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
So‘ngra milliy va jahon xoreografiyasi, raqs san’ati tarixi, zamonaviy xoreografiya, san’atshunoslik, musiqa ta’limi, raqamli texnologiya, sun’iy intellektning san’atdagi o‘rni, teatr va madaniy meros yo‘nalishlarida ma’ruzalar tinglandi.
“Roziya Karimova – o‘zbek milliy raqs san’atining yirik namoyandasi”, “Xoreografiya san’atida yalla janrining ahamiyati”, “Kelajak xoreografiyasida sun’iy intellektning o‘rni”, “Bayot sho‘’basining maqomdagi o‘rni va xususiyati” mavzularida chiqish qilindi.
Dasturga muvofiq, ikki alohida yig‘ilishda dolzarb masalalar tahlil etildi. “Xoreografiya san’ati – an’ana va zamonaviylik uyg‘unligi” sho‘’basida milliy raqs san’ati tarixi, Xorazm “Lazgi”si, zamonaviy raqs, folklor va sahna madaniyatiga oid ilmiy ishlar ko‘rib chiqildi.
“San’atshunoslik va ijtimoiy fanlar” yo‘nalishida esa ommaviy axborot vositalarining madaniy qadriyatlar shakllanishidagi o‘rni, san’atda raqamli texnologiya, milliy musiqa va teatr san’ati, zamonaviy tasviriy san’at hamda ijodiy iqtisodiyot muammolari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari talabalari ma’ruzalari ham taqdim etildi.
D.Hakimov, O‘zA