Samarqanddagi texnikumlar Germaniyadagi muassasalar bilan hamkorlik qiladi
Shu kunlarda respublika kasbiy ta’lim agentligi rahbariyati va hududiy boshqarma boshliqlaridan iborat delegatsiya Germaniyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Mamlakatimizning ushbu davlatdagi elchixonasida o‘tkazilgan “TexVET II” forumi doirasida Samarqand viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Nasimov germaniyalik mas’ullar bilan dual ta’limni rivojlantirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yuzasidan anglashuv memorandumi imzoladi.
Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, memorandumda Samarqand viloyatidagi texnikumlarda Germaniya tajribasi asosida dual ta’lim tizimini keng joriy etish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash, amaliy tajriba va malaka almashinuvini kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
– Bu kelishuv ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash orqali yoshlarimizning o‘zlari tanlagan kasb-hunarni puxta egallab, malakali mutaxassis bo‘lishiga xizmat qiladi, – deydi Azizbek Nasimov.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri