Samarqandda triatlon bo‘yicha jahon chempionati boshlandi
Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazida triatlon bo‘yicha jahon chempionati (World Triathlon Championship Series – 2026)boshlandi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqa ochilishida O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev qatnashdi.
Chempionatda 28 davlatdan 100 nafarga yaqin mahoratli atletlar ishtirok etmoqda. E’tiborlisi, mazkur bahslarda olimpiada ishtirokchilari va dunyo reytingida eng yuqori pog‘onani egallab turgan spotrchilar — Lisa Tersch, Beth Potter, Kassandre Beaugrand, Miguel Hidalgo, Vasko Vilaja va boshqa mahoratli atletlar qatnashmoqda.
“World Triathlon Championship Series – 2026” bahslarini ayollar o‘rtasidagi bellashuv boshlab berdi. Unda 43 nafar sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
[gallery-28987]
Jahon chempionati dasturiga muvofiq, atletlar 1,5 kilometr masofada suzish, 40 kilometr velopoyga va 10 kilometrga yugurish bahslarida o‘z mahoratlarini namoyish etmoqda.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA