Salohiyatli rahbarlar saralanmoqda
Jizzax viloyatida hududlarning boshqaruv salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan muhim jarayon — salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha saralash ishlari izchil davom etmoqda.
Boshqaruv samaradorligi agentligining Jizzax viloyati filiali tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida nomzodlarni saralash jarayoni tashkil etilgan.
Dastlabki saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan, tuman va shahar hokimliklari tavsiyasi asosida shakllantirilgan 210 nafardan ortiq nomzod ayni paytda test sinovlarida o‘z bilim va salohiyatini namoyon etmoqda.
Test jarayonida ishtirokchilarning nafaqat nazariy bilimi, balki mantiqiy va tahliliy fikrlash qobiliyati ham baholanmoqda. Shuningdek, nomzodlarning davlat boshqaruvi hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid bilimlari ham sinovdan o‘tkazilmoqda.

Mazkur saralash jarayonining qamrovi va maqsadi keng. Zero, Farmonga muvofiq, mahalla tizimida samarali faoliyat yuritib, so‘nggi ikki yil davomida yuqori natijalarga erishgan mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari orasidan 1000 nafar salohiyatli kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
Bu tizim, avvalo, mahalla darajasida amaliy tajriba to‘plagan, tashabbus ko‘rsatayotgan va natijadorligi bilan ajralib turgan kadrlarni kelgusidagi rahbarlik lavozimlariga tayyorlash uchun yangi imkoniyat yaratadi.
Zaxiraga kiritilgan nomzodlar esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tavsiyasi asosida ayrim rahbarlik lavozimlariga tanlovsiz tayinlanishi mumkin.
Saralashning test sinovlaridan keyingi muhim bosqichi — suhbat jarayoni. Unda nomzodlarning kasbiy kompetensiyasi, rahbarlik qobiliyati va tashabbuskorligi bilan bir qatorda, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishi hamda boshqaruv ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu tariqa, nomzodlarni baholashda faqat bilim darajasi emas, balki ularning rahbarlikka tayyorligi, vaziyatni tahlil qila olishi, mas’uliyatli qaror qabul qilishi va jamoani boshqarish salohiyati ham asosiy mezonlardan biri bo‘ladi.
Saralash jarayonlari yakunlangach, belgilangan mezonlar asosida eng munosib va istiqbolli nomzodlar “Salohiyatli kadrlar zaxirasi”ga tavsiya etiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi ham ana shunda — hududlar taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan, zamonaviy fikrlaydigan va yuqori boshqaruv salohiyatiga ega rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash va davlat boshqaruvi tizimi uchun munosib kadrlar salohiyatini yanada oshirish.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri