“Sak malikasi”ning dahmasi yurtimizning qaysi tumanidan topilgan?
Vatanimiz tarixidagi 29 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1886 yil (bundan 134 yil oldin) – Toshkentda kuchli zilzila bo‘lib, shahar jiddiy zarar ko‘rdi. G‘affor Hotamov va Quddus A’zamovlarning “Mustaqillik maydoni” kitobida qayd etilishicha, Toshkent shahri Tiyonshon tog‘i etagida joylashgani bois tarixda bu hududda kuchli yer silkinishlari sodir bo‘lib turgan.
Masalan, muarrix Muhammad Qoraxo‘ja o‘g‘li yuqorida qayd etilgan zilziladan yigirma yil oldin – 1866 yilning 26 aprelida Toshkentda ro‘y bergan kuchli zilzilaning shohidi bo‘lgan. U “Toshkentning yangi tarixi” kitobida yozishicha, yer shu qadar larzaga kelganki, ko‘plab imoratlar qulab tushgan, qanchadan-qancha odam bevaqt hayotdan ko‘z yumgan.
Shundan keyin o‘tgan yuz yil davomida shaharda yana besh marta juda kuchli-tahlikali zilzila sodir bo‘lgan, 300 marta yer chayqalishi va silkinishi kuzatilgan. Ayniqsa, 1868 yili ro‘y bergan xatarli zilzila katta talafot olib kelgan, 50 kishi zavol topib, shahardagi deyarli barcha imorat zarar ko‘rgan. Hatto kuni kecha qurib bitkazilgan Turkiston general-gubernatori qarorgohi ham unga dosh bera olmagan, juda pishiq va mustahkam bo‘lishiga qaramay, uning devorlari yorilib ketgan.
1910 yil (bundan 110 yil oldin) – adabiyotshunos, tanqidchi, dramaturg, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Izzat Sulton tavallud topdi (vafoti 2001 yil). U zamonaviy o‘zbek adabiyotshunoslik fanining asoschilaridan biri hisoblanadi.
1941 yil (bundan 79 yil oldin) – olimlarning tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Ilmiy muhandis-texnika jamiyati tuzildi.
1945 yil (bundan 75 yil oldin) – tarixchi olimlar Narzulla Jo‘rayev va Shodi Karimovlarning yozishicha, O‘zbekiston SSR hukumati “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasiga ikkita diniy o‘quv yurti ochishiga ruxsat berish to‘g‘risida” 1879-212s sonli qaror qabul qildi. Unda Toshkentda sobiq “Baroqxon” madrasasi binosida va Buxoroda sobiq “Mir Arab” madrasasi binosida ikkita bilim yurti ochish ko‘zda tutildi.
Buxorodagi “Mir Arab” bilim yurti 1946 yil o‘z faoliyatini boshladi. Ammo Toshkentda diniy bilim yurti ochilmadi, unga Iosif Stalin rozi bo‘lmadi. 1949 yil 15 avgustda Sobiq Ittifoq hukumati o‘zining 12800-R Farmoyishi bilan Toshkentda musulmon diniy o‘quv yurti ochish to‘g‘risida ilgari e’lon qilgan farmoyishini bekor qildi.
Faqat 1956 yilga kelib Toshkentda “Baroqxon” bilim yurti ochildi. Unga bir necha sinf Buxorodagi “Mir Arab” bilim yurtidan ajratib olib berilgan edi. Biroq hech qancha vaqt o‘tmasdan, 1961 yil “Baroqxon” bilim yurti qonundan tashqari faoliyat ko‘rsatganlik aybi bilan berkitildi.
1991 yil (bundan 29 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston xalq artisti Sulaymon Yudakov memorial muzeyi ochildi. U birinchi o‘zbek hajviy operasi – “Maysaraning ishi” operasining muallifi.
2000 yil (bundan 20 yil oldin) – “Istiqlol yilnomasi” kitobida qayd etilishicha, Samarqand viloyatining Payariq tumani markazi Chelak shahridan 5 kilometr chamasi janubi-sharqda, Batrak va Chandir qishloqlari oralig‘idagi qadimiy Ko‘ktepa shahri xarobalari o‘rnida badavlat ayol – “Sak malikasi”ning dahmasi topildi. Uni o‘zbek arxeologlari fransuz mutaxassislari bilan birga topdilar.
Malika hayotligi davrida foydalangan pardoz buyumlar, oltin tugmachalar va taqinchoqlar bilan shohona bezatilgan libosda dafn etilgan, eramizning boshlarida yashagan ushbu malikaning qabridan topilgan buyumlar katta tarixiy ahamiyatga ega. Ular orasida 250 ga yaqin tilla taqinchoqlar – tillaqosh, tilla tugmachalar, kumush ko‘zgu, yarim qimmatbaho toshlar va shishadan yasalgan munchoqlar bor.
2011 yil (bundan 9 yil oldin) – “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasi tarkibida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ichida birinchi bo‘lib yuqori tiniqlikdagi HD (High-definition) “UzHD” raqamli telekanal yer ustki uzatish tizimi orqali tarqatila boshlandi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA