Rişton tumanidagi köp asrlik kulolçilik anʼanalari xalqaro miqyosda eʼtirof etildi
Hindistonning “Sarkaritel” naşri hududning jahon kulolçilik markazlaridan biri sifatidagi nufuzi, milliy hunarmandçilikni asrab-avaylaş borasidagi işlar va sayyohlik imkoniyatlariga bağişlangan maqola eʼlon qildi.
Naşr Riştonning 2025-yilda Jahon hunarmandçilik kengaşi tomonidan kulolçilik sanʼati yönalişida “Jahon hunarmandçilik şahri” maqomiga sazovor bölganini hudud hayotidagi muhim voqea sifatida qayd etgan.
Maqolada Rişton kulolçiligining tarixi Farğona vodiysining qadimiy madaniy va iqtisodiy hayoti bilan çambarças boğliq ekani taʼkidlanadi. Arxeologik topilmalar hududda kulolçilik qadim zamonlardan buyon rivojlanganini körsatadi. XIX asrga kelib esa Rişton Markaziy Osiyoda sirlangan sopol buyumlar işlab çiqarişning muhim markazlaridan biriga aylangan. Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar vodiy hududidan taşqaridagi bozorlarga ham yetkazib berilgan.
Naşr Rişton kulolçiligining öziga xos jihati sifatida kök-yaşil ranglardagi sirlangan buyumlarni alohida tilga olgan. Ularni tayyorlaşda mahalliy tuproq bilan birga mis, kobalt va boşqa tabiiy minerallardan foydalaniladi. Kulollar avloddan-avlodga ötib kelayotgan usullar asosida buyumlarga şakl beriş, naqş tuşiriş, sirlaş va pişiriş jarayonlarini amalga oşiradi.
“Sarkaritel” maqolasida Rustam Usmonov, Ravşan Tojiddinov va Şokirjon Ahmadjonov kabi hunarmandlarning anʼanaviy kulolçilikni saqlaş va uni yangi uslublar bilan boyitişga qöşayotgan hissasi ham qayd etilgan. Jumladan, Şokirjon Ahmadjonov rahbarlik qilayotgan “Şokir mingboşi” oilaviy kulolçilik markazi ustoz-şogird anʼanalarining davomiyligini taʼminlayotgan maskanlardan biri sifatida körsatilgan.
Riştonning xalqaro nufuzini oşirişda kulolçilik sohasidagi xalqaro hamkorlik ham muhim örin tutadi. 2025-yilda tumanda II Xalqaro kulolçilik forumi ötkazilib, unda 26 mamlakatdan 100 nafardan ziyod kulol iştirok etgan. Dastur doirasida körgazma, mahsulot savdosi, mahorat darslari hamda ilmiy-amaliy muhokamalar taşkil etilgan. Şu davrda Rişton anʼanaviy kulolçiligi tarixi muzeyining oçilişi ham hududning boy hunarmandçilik merosini örganiş va kelajak avlodga yetkazişga xizmat qiluvçi muhim qadam sifatida baholangan.
Maqolada xalqaro kulolçilik markazining faoliyatiga ham alohida örin berilgan. Uşbu majmuada ikki qavatli 20 ta kulollar xonadoni joylaşgan bölib, ularning birinçi qavati ustaxona va savdo maydonlari, ikkinçi qavati esa oilaviy yaşaş uçun möljallangan. Bu yerga kelgan sayyohlar loyga işlov berişdan tortib, buyumlarga şakl beriş, naqş soliş, sirlaş va pişirişgaça bölgan jarayonlarni bevosita kuzatiş imkoniga ega.
“Sarkaritel” naşri Riştonni Italiyaning Deruta, Turkiyaning Iznik va Vetnamning Batçang kabi jahonga maşhur kulolçilik markazlari bilan bir qatorga qöyar ekan, özbek milliy hunarmandçiligining xalqaro maydondagi nufuzi izçil ortib borayotganini alohida taʼkidlagan.
D.HAKIMOV,
ÖzA