Registon maydoni dunyoning eng go‘zal maskanlari qatoriga kiritildi
Yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi, bir necha asrlarga borib taqaladigan mahobatli tarixiy obidalarimiz dunyo jamoatchiligini, sayyohlarni o‘ziga rom etib keladi. Ochiq osmon ostidagi muzey shaharlarimizdagi osori atiqalar, yodgorliklar tarixiy meros sifatida yurtimiz dovrug‘ini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.
Yaqinda “Time Out” jurnali tomonidan 2026-yilda dunyoning eng go‘zal maskanlari ro‘yxati e’lon qilindi. Mazkur reytingdan sayyoramizdagi 51 ta eng chiroyli hudud o‘rin olgan bo‘lib, ular qatorida Registon maydoni ham munosib joy egalladi.
Qayd etilishicha, Samarqand shahrining tarixiy yuragi hisoblangan Registon maydoni uchta ulkan me’moriy inshoot bilan o‘ralgan noyob majmua sifatida e’tirof etilgan. Mazkur ansambl XV–XVII asrlarga oid tarixiy yodgorliklardan iborat bo‘lib, baland peshtoqlar, muhtasham gumbazlar hamda minoralar uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ushbu inshootlarning g‘isht, koshin va mozaikalarda aks etgan murakkab geometrik naqshlari ularning badiiy va tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Dunyoning eng go‘zal maskanlari ro‘yxatida Registon maydoni ham e’tirof etilgani yurtimizning boy madaniy merosi xalqaro miqyosda yuksak baholanayotganidan darakdir. Bu o‘z navbatida, ushbu maskanga intiluvchi sayyohlar oqimi yanada ko‘payishiga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA