Ravshan Haydarov: Osiyo o‘yinlariga medallar uchun kurashish maqsadida keldik
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo o‘yinlari boshlanishi arafasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoaning turnirdagi maqsadlari va tayyorgarlik jarayoni haqida gapirdi.
Mutaxassis Osiyo o‘yinlarini qit’adagi eng yirik sport musobaqalaridan biri sifatida e’tirof etib, O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiyaga yuqori maqsadlar bilan kelganini ta’kidladi.
"Osiyo o‘yinlari — qit’amiz uchun juda katta musobaqa. Uni ko‘plab sport turlari jamlangan kichik Olimpiada deb atash mumkin. Barcha ishtirokchilarga, jumladan, guruhimizdagi raqiblarimizga ham o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishini tilayman. O‘zbekiston bu yerga eng sara sportchilari bilan munosib ishtirok etish uchun keldi. Biz ham ushbu nufuzli turnirga yil davomida tayyorgarlik ko‘rdik. Asosiy maqsadimiz — Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish va medallar uchun kurashish", — dedi Haydarov.
O‘zbekiston U-23 bosh murabbiyi Yaponiyadagi tashkiliy jarayonlarga ham yuqori baho berdi.
"Avvalo, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiramiz. Bunday yirik musobaqani qabul qilayotgan Yaponiyaga rahmat aytamiz. Bu mamlakat doimo katta turnirlarni yuqori saviyada tashkil etib kelgan. O‘ylaymanki, Osiyo o‘yinlari ham yuqori darajada o‘tadi", — dedi mutaxassis.
Haydarovning ta’kidlashicha, terma jamoaning vaqt va iqlim sharoitiga moslashishi uchun tayyorgarlik oldindan rejalashtirilgan. Bu jarayon Toshkentdagi yig‘indanoq boshlangan.
"Yaponiya bilan vaqt farqi to‘rt soatni tashkil qiladi. Shu sabab futbolchilarni bunga moslashtirish ishlarini Toshkentdayoq boshlagandik. Keyin tayyorgarlikni Xitoyning Dalyan shahrida davom ettirib, nazorat uchrashuvi o‘tkazdik. U yerdagi iqlim Yaponiyanikiga o‘xshash, vaqt farqi esa atigi bir soat. O‘ylaymanki, na vaqt, na iqlim borasida muammo bo‘ladi. Futbolchilarimiz yangi sharoitga moslashib ulgurdi", — deya qo‘shimcha qildi Haydarov.
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi yurishini 15-sentabr kuni Filippinga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Nagoyadagi "Minato Soccyer Fiyeld"da o‘tkaziladigan bahs Toshkent vaqti bilan soat 11:30 da start oladi.
O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport