Rasman: Dastan Satpayev "Chelsi"dan "Byornli"ga o‘tdi
Kelishuv bir mavsumga mo‘ljallangan.
Qozog‘iston milliy jamoasining 18 yoshli hujumchisi Dastan Satpayev faoliyatini "Byornli"da davom ettiradi.
"Chelsi" va "Byornli" transferni rasman tasdiqladi. Satpayev 2026/27-yilgi mavsumni "Byornli" safida ijara asosida o‘tkazadi. Kelishuv bir mavsumga mo‘ljallangan.
Satpayev avval "Qayrat"dan "Chelsi"ga transferini rasman yakunladi va London klubi bilan 2033-yilgacha shartnoma imzoladi. Shundan so‘ng "Chelsi" yosh futbolchiga Angliya futbolida muntazam o‘yin amaliyoti berish maqsadida uni Chempionship vakili "Byornli"ga ijaraga jo‘natdi.
Qozog‘istonlik futbolchi "Chelsi"ning mavsumoldi Avstraliya va Osiyo turnesida ham ishtirok etdi. U to‘rtta nazorat uchrashuvida maydonga tushib, "Vestern Sidney Uonderers"ga qarshi bahsda gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi.
Satpayev "Qayrat" akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, asosiy jamoada debyutini 15 yoshida o‘tkazgan. "Chelsi" rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, u "Qayrat"ning asosiy tarkibida 58 ta uchrashuvda 26 ta gol urgan. "Byornli" esa zaxira jamoasidagi o‘yinlarni ham hisobga olgan holda uning Qozog‘istondagi kattalar futbolidagi ko‘rsatkichini 63 o‘yin va 27 gol sifatida keltirgan.
Yosh hujumchi Qozog‘iston futboli tarixida ham bir qator rekordlarni yangilagan. U 2025-yil mart oyida 16 yosh 7 oy 10 kunligida milliy jamoada debyut qilib, Qozog‘iston tarixidagi eng yosh futbolchiga aylangan. Keyinchalik Belgiyaga qarshi o‘yinda gol urib, terma jamoa tarixidagi eng yosh gol muallifi bo‘ldi.
Endi Satpayev Angliyadagi ilk to‘liq mavsumini "Tyorf Mur"da o‘tkazadi. "Byornli" yosh qozog‘istonlik futbolchini Chempionshipda yuqori maqsadlar uchun kurashadigan asosiy jamoa tarkibida qo‘llashni rejalashtirmoqda.