Raqamli markirovka: Ichimliklar bozorida samaradorlik va yangi qonuniy talablar
19-mart kuni Toshkentda «Suv va salqin ichimliklar toifasidagi distribyutorlar hamda ulgurji savdo bo‘g‘ini ishtirokchilari uchun markirovkalangan tovarlar hisobi» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda «Asl Belgisi» mutaxassislari integratorlar bilan birgalikda raqamli markirovka bilan ishlashning amaliy yechimlarini taqdim etib, asosiy qiyinchiliklar va ularni hal etishning samarali yo‘llarini tahlil qildilar. Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, joriy yilning 1-aprelidan boshlab O‘zbekistonda suv va salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilarning markirovkalangan mahsulotlarni agregatsiyalash tizimiga o‘tishi bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi.
Raqamli markirovkaning joriy etilishi korxonalarga ish jarayonlarini sezilarli darajada optimallashtirish imkonini bermoqda. Xususan, ombor hisobi soddalashib, mahsulotlarni yuklash va jo‘natish ishlari tezlashmoqda, avtomatlashtirish tizimi esa har bir mahsulot birligini real vaqt rejimida kuzatishni ta’minlamoqda. Seminar davomida integratorlar ishtirokchilarga tizimni joriy etishning texnik jihatlarini batafsil tushuntirib berdilar. Ta’kidlanganidek, markirovka brendlarni kontrafaktdan himoya qilish, logistika zanjirlari shaffofligini oshirish hamda inson omili ta’sirini kamaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Ekspertlarning fikricha, raqamli kuzatuvchanlik bugungi kunda qonuniy doirada faoliyat yuritish va biznes samaradorligini oshirishning majburiy shartiga aylanmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning muvaffaqiyatli tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yangi talablarga o‘z vaqtida moslashish nafaqat qonunchilikka rioya etishni ta’minlaydi, balki korxonaga qo‘shimcha operatsion afzalliklar va raqobatbardoshlikni ham taqdim etadi.
O‘zA