Quyuv-prokatlash majmuasi mamlakat sanoat taraqqiyotining muhim bo‘g‘ini (+video)
Prezident tashrifidan so‘ng...
Bekobod shahridagi “O‘zbekiston metallurgiya kombinati”ning Quyuv-prokatlash majmuasi bugun mamlakatimiz sanoatidagi eng yirik va strategik ahamiyatga ega loyihalardan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari 13-iyul kuni Bekobod shahriga tashrifi doirasida ushbu majmuada bo‘lib, yagona boshqaruv pulti orqali amalga oshirilayotgan prokatlash jarayonlarini ham ko‘zdan kechirdi.
Majmua mamlakatimizda metall mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash, import o‘rnini bosish va sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
839 million dollarlik ushbu loyiha nafaqat kombinat, balki Bekobod shahri iqtisodiy taraqqiyotida ham muhim o‘rin tutadi. Bugun shahardagi mehnatga layoqatli aholining salmoqli qismi aynan shu korxonada mehnat qilmoqda.
Majmuada Italiyaning Danieli kompaniyasi tajribasi asosida ilk bor uzluksiz po‘lat quyish uskunasi boshqa barcha texnologik jihozlar bilan integratsiya qilinib, yagona boshqaruv pulti orqali boshqarilmoqda.
Avvalgi texnologiyalarda 4-5 ta boshqaruv pultidan foydalanilgan va ularda 9 nafar xodim mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda yagona boshqaruv tizimi orqali jarayonni atigi 3 nafar mutaxassis nazorat qilyapti.
Uskunalarning xavfsizligi va tezkorligi bo‘yicha mazkur majmua Markaziy Osiyoda o‘ziga xos va muqobili yo‘q loyiha hisoblanadi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatmagan holda, inson omili ishtirokisiz asosiy vallarni avvalgi 30-40 daqiqa o‘rniga atigi 5-7 daqiqada avtomatik ravishda almashtirish imkoniyati yaratilgan.
Xo‘sh, majmuada bugun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Yangi loyihalarning ko‘lami qanday? Davlat rahbarining tashrifi doirasida berilgan muhim topshiriqlar nimalardan iborat?
Shu va boshqa savollarga O‘zbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori Baxtiyor Xaydarov O‘zAga bergan eksklyuziv intervyusida batafsil javob berdi.
Majmuada mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 million tonnaga yetkazish, qo‘shimcha ravishda 1,04 million tonna o‘ramli po‘lat list prokati ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
Batafsil YouTube ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali tomosha qilishingiz mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/K4iM11H-JC0?si=rki9KwUso3EEtW_f" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video),
O‘zA