Quyosh panellarini o‘rnatgan fuqarolarga 73,9 milliard so‘mdan ortiq subsidiya ajratildi
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va aholini “yashil energiya”dan foydalanishga rag‘batlantirish siyosati izchil davom etmoqda. Xususan, “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida fuqarolarga ajratilayotgan subsidiyalar hajmi yildan-yilga oshib borayotgani ushbu yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirmoqda.
Soliq qo‘mitasining malum qilishicha, 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, 45,2 ming nafar jismoniy shaxs tomonidan ishlab chiqarilib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan quyosh energiyasi uchun davlat byudjetidan jami 73 milliard 982 million so‘m miqdorida subsidiya to‘lab berildi. Bu ko‘rsatkich aholining energiya mustaqilligini ta’minlashga intilayotganini va muqobil energiya manbalariga o‘tish jarayoni jadallashganini ko‘rsatadi.
Subsidiya mablag‘larining hududlar kesimida taqsimoti ham diqqatga sazovor. Eng yuqori ulush Buxoro viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu hududda yashovchi fuqarolarga 16,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. Keyingi o‘rinlarda Xorazm viloyati (13,3 milliard so‘m) va Qashqadaryo viloyati (9,1 milliard so‘m) qayd etilgan. Bu esa ayni hududlarda quyosh energiyasidan foydalanish infratuzilmasi nisbatan tezroq rivojlanayotganini anglatadi.
Bunday rag‘batlantirish mexanizmlari nafaqat aholining xarajatlarini qisqartirish, balki mamlakat energetika tizimiga tushayotgan yuklamani kamaytirishga ham xizmat qiladi. Ayniqsa, yoz mavsumida elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshadigan sharoitda, xonadonlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan qo‘shimcha energiya tizim barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Dastur doirasida subsidiya olish jarayoni ham to‘liq raqamlashtirilgan. Fuqarolar mablag‘larni Soliq mobil ilovasining “Keshbek va imtiyozlar” xizmati orqali, “Quyoshli xonadon” bo‘limidagi maxsus oyna orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartalariga o‘tkazib olish imkoniyatiga ega. Bu esa ortiqcha qog‘ozbozlik va vaqt sarfini bartaraf etib, jarayonni sodda va shaffof qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-apreldan boshlab amalga kiritilgan tartibga ko‘ra, quyosh panellari o‘rnatgan jismoniy shaxslarga ular tomonidan ishlab chiqarilib, elektr tarmoqlariga uzatilgan har bir kilovatt-soat energiya uchun 1000 so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan. Ushbu mexanizm qisqa vaqt ichida o‘z samarasini ko‘rsatib, aholi o‘rtasida “yashil texnologiyalar”ga bo‘lgan qiziqishni sezilarli darajada oshirdi.
Tahlillarga ko‘ra, kelgusi yillarda bunday dasturlar ko‘lamini yanada kengaytirish orqali nafaqat energiya tejamkorligini ta’minlash, balki ekologik barqarorlikka erishish ham mumkin. Shu ma’noda, “Quyoshli xonadon” dasturi nafaqat iqtisodiy, balki ekologik ahamiyatga ega strategik tashabbus sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA