Quvasoy mevalariga xorijda talab katta
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatining sanoat shahri hisoblanuvchi Quvasoyda qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, elektrotexnika, tekstil, qishloq xo‘jaligi drayver sohalari sirasiga kiradi.
Quvasoy shahar hokimi o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Salimjon Nishonqulovning aytishicha, davlatimiz rahbari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar samarasi tufayli so‘nggi besh yilda hududda sanoat ishlab chiqarish hajmi 2,1 barobarga oshdi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va valyuta tushumlarini oshirish borasidagi salmoqli ishlar natijasida o‘tgan yil mobaynida 42 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Shu tariqa yakuniga yetgan yilda xorijiy investitsiyalar hajmi117,6 million dollarni tashkil etdi.
Aytish joiz, meva yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha Quvasoy shahri mirishkorlari viloyatda katta tajribaga ega hisoblanadi. Ayniqsa, Quvasoy behisi, shaftoli, gilos va olmalariga xorijda talab ortib bormoqda.
Shu kunlarda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida “Marwin Fruitline” MCHJ tomonidan mevani qayta ishlash va quyultirilgan tabiiy sharbat ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Bu yerda hozirda qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
“Marwin Fruitline” MCHJ umumiy yer maydoni 5 gektar bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 176,5 milliard so‘m va loyiha doirasida 6,5 million dollar kredit mablag‘i jalb etildi. Mevani qayta ishlash zavodi ishga tushgach, yiliga 3 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi va asosan Yevropa davlatlariga eksport qilinadi. Istiqbolli loyiha 120 ta yuqori daromadli yangi ish o‘rini yaratish imkonini beradi.
[gallery-21695]
Quvasoy shahrida o‘tgan yil mobaynida 20 ga yaqin eksportyor korxonalar tomonidan 21 ming tonna meva-sabzavot xorijga jo‘natilib, 16.2 million dollarlik eksport amalga oshirildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA