Quvalik dehqonlar:“Yeb ko‘rish bepul, aka”
Quvada gilos va qulupnay mavsumi boshlandi.Saxovatli zaminimizda pishib yetilgan mevalar, poliz mahsulotlari nafaqat ichki, balki tashqi bozorda xaridorgir. Mirishkor bobodehqonlarimiz joriy yilning ilk mahsulotlarini el dasturxoniga tortiq qilishni boshladi.
Bugun Farg‘ona viloyati Quva tumaniga borsangiz, qo‘li-qo‘liga tegmayotgan bog‘bonu dehqonlarga har qadamda duch kelasiz. Ayniqsa, ertagi gilos va qulupnay bozori avjiga chiqqan.
Jo‘ravoy aka Isomiddinovni issiqxonada qulupnay terayotganida uchratdik.

– 80 sotix issiqxonamiz bor. O‘tgan yili 7000 tup eksportbop “Charli” va “Kobra” navli qulupnay ko‘chatlarini ekkan edik. Mana, bugun dastlabki hosilni xaridorlarga yetkazib beryapmiz, – deydi u. – Shu kungacha ikki tonna terib sotdik.

Billurdek tovlanib, ko‘zni quvnatuvchi rezavor mart oyining boshlaridan sotuvga chiqarildi. Bugungacha 50 million so‘m daromad dehqon kissasiga kirdi. Hali paykalda hosil mo‘l. Eng asosiysi, xushta’m qulupnay yaqin xorijga ham jo‘natilmoqda.
Shuningdek, ishning ko‘zini bilgan dehqon 3 ming tup karam ko‘chati ekib, undan 4 tonna hosil olishga ulgurdi. Karamdan bo‘shagan maydonga qulupnay nihollari ekmoqchi. Issiqxonada olti nafar ishchi doimiy band.

Alimardon Kenjayev ancha yillardan buyon gilosning yangi navlari ustida ish olib boradi. Asosiy e’tibor chilgi va eksportbop navlarga qaratiladi. Turkiya, Eron, Xitoy kabi davlatlardan Farg‘ona iqlimiga mos navlar olib kelinib, mahalliylashtirilyapti. Albatta, hosildorlik ham katta ahamiyatga ega.

– Gilos asosan eksport qilinadi. Xaridor talabiga qarab turlicha qadoqlanishi mumkin. Yil sayin yangi navlarga talab kuchayyapti. Bog‘bonlarimiz nafaqat ta’mi va sifati, balki uzoq vaqt saqlanishiga ham qiziqishadi. Bu jihatlar mevani xorijga eksport qilishda juda muhim, – deydi u.

Yangilikka intilish, havas bilan mehnat qilish quvalik mirishkorlarning qon-qoniga singib ketgan. Qay izdihomda bo‘lmang, meva-chevalar narxi, yangi navlar, yangicha parvarish usullari suhbat qaymog‘i bo‘lishi odatga aylangan bu yerda. Yo‘l bo‘ylarida, poliz yoki bog‘larda esa xushta’m mevalardan istagancha tatib ko‘rish mumkin. “Yeb ko‘rish bepul, aka”, deya ochiq yuz bilan kutib olishadi sizni.
Qaqroq qir-adirliklarda yaratilayotgan mo‘’jizani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni istasangiz, Quvaga keling.
M. Sulaymonov,
O‘zA