Quruvchilar uchun yangi yotoqxona foydalanishga topshirildi
Zarafshon shahrida Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Zarafshon qurilish boshqarmasi ishchi-xodimlari uchun 220 o‘rinli yotoqxona foydalanishga topshirildi.
Ushbu yotoqxona ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ rahbariyati, Zarafshon shahar hokimligi vakillari, Zarafshon qurilish boshqarmasi ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosati, kombinatda ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ular uchun munosib ish va yashash sharoitlarini yaratib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

– Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonning har bir go‘shasidagi ijobiy o‘zgarishlar yurtdoshlarimizni quvontirmoqda, – deydi Zarafshon qurilish boshqarmasi xodimi Muhsin Jo‘raqulov. – Kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan doimiy ravishda ishchi-xodimlar uchun munosib sharoitlar yaratib beriladi. Barcha sharoitlarga ega yotoqxonaning foydalanishga topshirilishi ham ana shunday g‘amxo‘rlikning amaldagi namunasidir. Bundan jamoamizning quvonchi cheksiz.
Yangi yotoqxonada ishchi-xodimlarning yashashi, dam olishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, yotoqxonada yashash xonalari, yuvinish, oshxona, kir yuvish va kiyimlarni saqlash, muolaja, ma’naviyat va ma’rifat, o‘quv xonalari hamda tibbiyot punkti mavjud.



Shu bilan birga, yotoqxona yonida ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida mini-futbol, basketbol, voleybol va gandbol sport turlariga mo‘ljallangan maydoncha va zamonaviy trenajyor zali ham qurib foydalanishga topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri