Qurilish yo‘nalishida talabalar uchun ish o‘rinlari taqdim etildi (+video)
Yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasbiy faoliyatga yo‘naltirish hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasiga malakali kadrlarni jalb etish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Toshkent arxitektura-qurilish universitetida keng qamrovli mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur tashabbus avvalroq «Vazir va yoshlar» uchrashuvi davomida TAQU talabalari tomonidan bildirilgan taklif asosida amalga oshirildi. Tadbir iyun oyi — Yoshlar oyligi hamda payshanba — Yoshlar kuni doirasida o‘tkazildi.
– Mehnat yarmarkasida qurilish, arxitektura, loyihalash, kommunal xo‘jalik va turdosh sohalarda faoliyat yuritayotgan vazirlik tizimi tashkilotlari, yirik loyiha institutlari hamda xususiy kompaniyalar ishtirok etdi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Umida Boyzoqova. – Tadbir davomida talabalar va bitiruvchilarga bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot hamda stajirovka imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
[gallery-29802]
Yarmarka doirasida yoshlar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mavjud vakant o‘rinlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilarga kelgusidagi mehnat faoliyatini rejalashtirish, amaliy tajriba orttirish va o‘z yo‘nalishiga mos ish topish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat yarmarkasida respublikaning turli hududlaridan 100 dan ortiq tashkilot va korxona ishtirok etib, jami 450 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni taklif qilindi.
Tadbir davomida qurilish muhandisligi, arxitektura, loyiha-smeta ishlari, kommunal infratuzilma va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj mavjudligi qayd etildi.
Bunday amaliy uchrashuvlar talabalar uchun nafaqat ish topish imkoniyatini yaratadi, balki sohaning yetakchi vakillari bilan professional aloqalarni mustahkamlash, mehnat bozori talablarini o‘rganish va kelajakdagi kasbiy faoliyat yo‘nalishini aniq belgilab olishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur mehnat yarmarkasi yoshlar bandligini oshirish, ularning zamonaviy kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
– Men uchun bu juda muhim va foydali tadbir bo‘ldi, – deydi Toshkent arxitektura-qurilish universitetining 4 kurs talabasi Nodir Rahmonov. – Bir joyning o‘zida ko‘plab tashkilotlar va ish beruvchilar bilan uchrashish imkoniyati yaratildi. Bu, biz – talabalar uchun katta imkoniyat. Mehnat yarmarkasida o‘z yo‘nalishim bo‘yicha mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdim. Shu bilan birga, amaliyot va stajirovka imkoniyatlari haqida ham to‘liq ma’lumot oldim. Bir nechta tashkilot vakillari bilan bevosita suhbatlashdim. Ular menga kasbiy rivojlanish va ishga qabul qilish shartlari haqida tushuntirish berdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/orK8_XIVZwI" title="Qurilish yo‘nalishida talabalar uchun ish o‘rinlari taqdim etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, Oybek Davronov (video),
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA