Qurilish sifati va xavfsizligi – islohotlar ijrosining muhim mezoni
Mamlakatimizda qurilish sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, qurilayotgan ob’ektlar sifatini oshirish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda qurilish ob’ektlarida davlat nazoratini kuchaytirish, me’yor va standartlarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Navoiy viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan hududlarda barpo etilayotgan ob’ektlarda monitoring tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda. Bu kabi nazorat ishlari qurilish sifati va xavfsizligini ta’minlash, sohadagi mas’uliyatni yanada oshirish hamda ehtimoliy kamchiliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Navbatdagi monitoring tadbiri Navbahor tumanida qurilayotgan elektr taqsimlash stansiyasida o‘tkazildi. O‘rganish jarayonida mutaxassislar tomonidan qurilish-montaj ishlarining sifati, qo‘llanilayotgan texnologik yechimlar hamda foydalanilayotgan qurilish materiallarining amaldagi me’yoriy hujjatlar va davlat standartlari talablariga muvofiqligi atroflicha tahlil qilindi.
[gallery-29862]
Shuningdek, qurilish jarayonida ishtirok etayotgan mas’ullarga ishlarni loyiha hujjatlariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etish, sifat va xavfsizlik talablarini to‘liq ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiya hamda tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarida sifat va xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, har bir qurilish ob’ektida me’yor va talablarga rioya qilinishi inshootning mustahkamligi, ishonchliligi va uzoq yillar davomida samarali xizmat qilishi uchun muhim omil hisoblanadi.
Bu kabi nazorat tadbirlari viloyatning barcha hududlarida muntazam davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari