Qurilish korxonalarining soliq qarzdorligi 3,2 trillion so‘mdan oshdi
O‘zbekistonda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan qator korxonalarning soliq qarzdorligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga soliq qarzi 100 million so‘mdan ortiq bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1 ming 944 tani tashkil etgan.
Ushbu korxonalarning jami soliq qarzdorligi 3,2 trillion so‘mga yetgan. Tahlillarga ko‘ra, mazkur qarzdorlikning katta qismi cheklangan sondagi yirik korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta qurilish korxonasi hissasiga 1,3 trillion so‘m to‘g‘ri kelib, bu umumiy qarzdorlikning 40,4 foizini tashkil etmoqda.
Bunday yuqori qarzdorlik qurilish sohasida moliyaviy intizomni yanada kuchaytirish, soliq to‘lovlari ustidan nazoratni raqamlashtirish hamda to‘lov intizomini oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida qurilish korxonalarining soliq qarzdorligi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi hududlarda qayd etildi. Toshkent shahri — 975,7 milliard so‘m, Andijon viloyati — 714,5 milliard so‘m, Toshkent viloyati — 229,1 milliard so‘mni tashkil etadi.
Mazkur hududlarda qurilish ishlarining yuqori sur’atlarda olib borilayotgani, yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilayotgani hamda qurilish kompaniyalari sonining ko‘pligi qarzdorlik ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlanmoqda.
Mutasaddi idoralar tomonidan soliq qarzdorligini qisqartirish, qarzdor korxonalar bilan individual ishlash hamda raqamlashtirilgan nazorat mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA