Qozoqboy Yo‘ldoshev: Alifbo islohoti shunchaki shakl o‘zgarishi emas, milliy o‘zlik va til jozibasini saqlab qolish masalasidir
Globallashuv jarayoni dunyo xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirib, axborot va harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bunday shiddatli bir paytda har bir millat oldida o‘zligini, milliy xususiyatlari va ona tilini asrab-avaylash zarurati paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, turkiy xalqlarning o‘zaro mushtaraklashuvi va umumiy madaniy-lingvistik asoslarga tayanishi azaliy milliy qiyofani saqlab qolishning eng maqbul yo‘li sifatida kun tartibiga chiqmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda alifbo islohoti va til siyosati bo‘yicha muhim huquqiy qadamlar qo‘yildi. Oliy Majlis Senati tomonidan mazkur yo‘nalishdagi tegishli qonun ma’qullangani jamiyatda, xususan, ilmiy va faol qatlam o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbek tilining sofligi, lotin yozuviga asoslangan alifbo islohotining ahamiyati va umumiy turkiy yozuv integratsiyasi borasidagi dolzarb masalalar yuzasidan filologiya fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Qozoqboy aka, bugun dunyo bo‘ylab globallashuv jadal kechmoqda. Bu jarayonning millatlar tiliga ta’siri va milliy qiyofani saqlab qolish zarurati haqida to‘xtalsangiz.
– Globallashuv sur’ati bundan buyon yanada tezlashadi. Shunday sharoitda turkiy xalqlar, xususan, o‘zbeklar oldida o‘zligini asrash vazifasi turadi. Buning eng samarali yo‘li — maydalashib, chetga tortilish emas, balki qardosh xalqlar bilan jipslashish, umumiy va muhim jihatlarimizni mushtaraklashtirishdir.
Dunyoda 300 milliondan ortiq turkiy xalqlar istiqomat qiladi. Ozarbayjon mutafakkiri Ali bey Husaynzoda “Turklashmoq, ummatlashmoq, zamonaviylashmoq” shiorini ilgari surgan edi. Uzoq yillar mustamlaka iskanjasida yashagan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va ozarbayjon kabi millatlar uchun bu g‘oya bugun ham amaliy yondashuv sifatida muhim ahamiyatga ega. Mustaqillik tufayli o‘zligimizni anglash imkoniyatiga ega bo‘ldik. Endi bu jarayon shunchaki og‘zaki bayonotlar yoki tor davralardagi uchrashuvlar emas, balki amaliy harakatlarga aylanishi zarur.
– Nazariyadan amaliyotga o‘tishda ilmiy va tarixiy tajribaga qanday tayanish lozim?
– Jadid bobolarimiz bu borada muhim tashabbuslarni amalga oshirgan. 1926-yilda o‘zbek oydinlari — qadimchalar, jadidlar va sho‘rolar ishtirokida 34 harfdan iborat umumiy alifbo yaratilgan edi. Mazkur yozuv siqib chiqarilgunga qadar siyosiy to‘siqlarsiz barcha turkiy etnoslarning bir-birini o‘qishi va tushunishini ta’minlagan.
Istiqlol yillarida Turkmaniston va Ozarbayjon bu borada ildam odimladi. Ozarbayjon Usmonli turklar alifbosida bo‘lmagan ayrim harflarni qo‘shib, umumiy turkiy alifbo tamoyillariga to‘liq amal qilib kelmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston, Qozog‘iston va tez orada Qirg‘iziston ham aynan shu g‘oya atrofida islohotlarni olib bormoqda. Umumiy turkiy alifboning asosiy afzalligi — “bir tovushga bir harf” tamoyilidir. Bu loyihada turkiy tillarga xos bo‘lgan tovushlar to‘liq aks etgan. Shu bilan birga, rus tilidan kirib kelgan yumshatish va ayirish belgilari kabi tilimiz tabiatiga yot bo‘lgan elementlardan voz kechish imkonini beradi.
– Mavjud islohotlarda yana qaysi jihatlarga va muayyan misollarga e’tibor qaratish zarur deb hisoblaysiz?
– Barcha turkiy tillarda unlilar uyg‘unligi asosiy o‘rinda turadi. Bizdan boshqa deyarli barcha qardosh xalqlarda 8 yoki 9 ta unli tovush mavjud va bu alifboda o‘z aksini topgan. Masalan, qoraqalpoq xalqi 1926-yilgi qoidaga amal qilib, o‘z yozuvida 9 ta unlini bugungi kungacha saqlab kelmoqda.
Afsuski, bizda qariyb o‘ttiz yildan beri muammo bo‘lib kelayotgan «sh», «ch», «g‘», «o‘» harflarini ifodalash masalasida ham, talaffuzimizdagi o‘ziga xos tovushlarni mustaqil harf sifatida aks ettirishda ham aniq yechimga kelinmadi. Masalan, biz «tor» va «to‘r» so‘zlarini farqlaymiz — bular ikki alohida tovush va alifboda bunga tayyor harf bor. Yoki «ip», «ilon» deganda bir xil, lekin «qiz» so‘zida o‘rtadagi unli boshqacha talaffuz qilinadi. Demak, o‘sha qattiq «i» (ı) harfini ham qabul qilish kerak. Shuningdek, «kitob» («Men uyda kitob o‘qidim») so‘zidagi o‘zbekcha «i» tovushi uchun ham alohida harf mavjud.
Qolaversa, alifboga mutlaqo keraksiz qoidalarni ko‘chirib yuribmiz. Xalqimiz «mas’ul muharrir» yoki «a’lo baho» deb tutuq belgisi bilan gapirmaydi, balki «masul», «alo baho» deydi. Aslida «a’lo» o‘rniga o‘zbekcha muqobil so‘z topish, «A’zam» o‘rniga «Azam», «jur’at» o‘rniga «jurat» deyish maqsadga muvofiq. Tutuq belgisi va sun’iy qoidalar farzandlarimizning savod chiqarishini murakkablashtirib, xatolar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, yangi taklif etilgan loyihada «ng» (ŋ) tovushining tushirib qoldirilgani tilimizning artikulyatsion jozibasi va jarangdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu tovush so‘z boshida kelmasa-da, «singil», «tong», «ko‘ngil» kabi so‘zlarda juda muhim. Uni oddiy «n» va «g» bilan yozishga majbur bo‘lishimiz noto‘g‘ri qarordir.
Til — millatning bebaho ma’naviy boyligi va mustaqilligining bosh belgisidir. Alifbo islohoti esa shunchaki shakl o‘zgarishi emas, balki tilning tabiiy jozibasini, ohangini qaytarish va kelgusi avlodga bekamu ko‘st yetkazish demakdir.
Bo‘lib o‘tayotgan islohotlarda mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, tilimizning bor salohiyati va boyligidan to‘liq foydalanish kelgusida yozuv tizimini qayta-qayta isloh qilish zaruratini oldini oladi. Tilni tovushga moslab yozish va alifboni tabiiy talaffuzga uyg‘unlashtirish orqali milliy o‘zlikni yanada mustahkamlashga erishiladi.
O‘zA muxbiri
Abdug‘afur Mamatov suhbatlashdi.