Qotillik jinoyati muhokama qilindi
Joriy yilning 27 noyabr kuni taxminan soat 12:00 larda G‘ijduvon tumani Zarangari mahallasida yashagan, 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro R.N. va uning turmush o‘rtog‘i 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro R.Z. lar o‘zlari istiqomat qilib kelayotgan xonadonda o‘zaro kelishmovchilik sabab janjallashib qoladi. Natijada janjal vaqtida fuqaro R.Z. o‘z ayolini oshxona pichog‘i bilan chap ko‘krak qafasi yuqori qismiga 1 marotaba urib og‘ir tan jarohati yetkazishi oqibatida vafot etadi.
Sud tibbiy ekspertizaning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhuma fuqaro R.N. o‘tkir sanchib kesuvchi jism ta’sirida chap ko‘krak yuqori qismidan olgan jarohati oqibatida kelib chiqqan o‘tkir ichki va tashqi qon ketishi natijasida vafot etganligi aniqlangan. Holat yuzasidan sudga oid tibbiy, kriminalistika hamda biologiya ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro R.Z. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Buxoro viloyati prokurori Mahmud Istamov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Aliyevlar G‘ijduvon tumanida sodir bo‘lgan mudhish qotillik jinoyatini keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qildi.

Tadbirda tuman sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar mas’ullari, tuman faollari, «Zarangari» mahallasi mutasaddilari, ushbu mahallaning profilaktika inspektori, mahallalar hududidagi qishloq va ko‘cha vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Unda mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildi va jinoyat muhokama etildi.
Muhokamada mahalla mutasaddilari va huquq tartibot maskani profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglandi. Mas’ullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirish berdi.

Tadbirda ishtirok etgan mas’ullar ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, tuman mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi mutasaddilari va ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Qo‘ni-qo‘shni, er-xotin, aka-uka va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi muammoli masalalarni o‘rganish, ularni bartaraf qilish borasida idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish, jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan toifa shaxslar, oilalar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar sifatini oshirishga, hududlarda «fuqarobay», «oilabay» va «xonadonbay» tizim, «Xavfsiz hovli» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA