Qo‘shni davlatdan noqonuniy olib kelingan biologik faol qo‘shimchalar fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1977 y.t. mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashina salonida xorijda ishlab chiqarilgan, lekin, tegishli hujjatlari bo‘lmagan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar borligi ma’lum bo‘ldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu fuqaro va uning turmush o‘rtog‘i bergan ko‘rsatmalarga ko‘ra, qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga keltirilgan ushbu mahsulotlar Andijon viloyati hududida qirg‘izistonlik egasiga topshirilishi kerak bo‘lgan.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilib olgan vaqtida ularning haqiqiy egasi bo‘lgan – Qirg‘iz Respublikasi Jalol-Obod viloyati Manas shahrida yashovchi, 1976 y.t. ayol hamda u bilan birga kelgan, Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1982 y.t. tanishi ham ushlandi.
Aniqlanishicha, jami 2957 dona flakonda bo‘lgan, kapsula ko‘rinishidagi “Samyun Van”, “Chernыy tmin”, “Senna Mekkanskaya”, “Mumiye Altayskoye”, “Kыst al-Xindi” nomli biologik faol qo‘shimchalarning umumiy qiymati 226 mln 343 ming сўмни tashkil qiladi.
Hozirda holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.