Qo‘shma korxonada 600 nafar ishchi ishlaydi
Buxoro viloyati Buxoro tumanining To‘dako‘l massivida 2023-2026 yillar davomida O‘zbekiston va Eron davlatlari o‘zaro hamkorligi va kapitali asosida “Petrochem sepehr” qo‘shma korxonasini tashkil etishga kirishilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu loyihaning umumiy qiymati 274 million AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Ahamiyatli jihati, mazkur neft -kimyo klasterini tashkil etish doirasida bu korxonada o‘ndan ortiq biznes loyiha asosida mutaxassislarni jalb qilgan holda kimyoviy usulda pentan, geksan, benzol, toluol gazlari yoritgichlari, shuningdek, riformat va izomerizat aromatik uglevodorodlari, monometilanilin, dimetil karbonat, ammoniy bikarbonat, kaustik soda va kaliy sulfati kabi jami 13 xil turdagi mahsulot ishlab chiqarish tajribasi o‘zlashtiriladi.


Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi evaziga yil davomida 240 million AQSH dollariga teng bo‘lgan neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilishi, shundan 82 million AQSH dollariga teng mahsulot eksportga yo‘naltirilishi, 123 million AQSH dollariga teng import o‘rnini bosuvchi mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Iqtisodiy jihatdan esa, bu yerda yiliga 214 milliard so‘mga teng bo‘lgan byudjet tushumiga erishilishi bilan birga, korxonada band bo‘ladigan 600 nafarga yaqin ishchi-mutaxassisning moddiy manfaatdorligi ta’minlanadi.


“Petrochem sepehr” O‘zbekiston-Eron qo‘shma korxonasining birinchi bosqichini joriy yilning yakuniga qadar foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda. Ayni kunda esa korxona sarmoyador ta’sischilari tomonidan bu yerda qurilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini shay qilish, qolaversa, xorijdan xarid qilingan texnologiyalar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri