Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi yuksak saviyada o‘tdi
Surxondaryo viloyatida 28-30-oktabr kunlari hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tdi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik N. Kadirov nazorati ostida olib borilgan tadbirning dastlabki kuni mutasaddi rahbarlar va mas’ul xizmatlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Viloyat mexanizatsiyalashgan yig‘ma komandasining kuch va vositalari saf ko‘rigidan o‘tkazilib, ularning favqulodda vaziyatlarda belgilangan vazifalarni bajarishga shayligi ko‘zdan kechirildi.

Favqulodda vaziyatlarning oldini olib, ularning oqibatlarini bartaraf etish va tegishli kuch hamda vositalarning hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘quv mashqlari doirasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov va Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik N. Kadirov mashg‘ulotlarning natijalarini muhokama etdi.

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, kuch va vositalarning shayligini oshirish, shuningdek, kuz-qish mavsumida aholi xonadonlarida is gazidan zaharlanish va yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.

Vohada uyma-uy yurish orqali kuchaytirilgan tartibda is gazidan zaharlanishning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha profilaktik tadbirlar olib borildi. Tumanlarda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Viloyatning Boysun tumanida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari Darband mahallasi hududidagi temir yo‘l stansiyasida ham o‘tkazildi.

Unda temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish poyezdlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bunday holatlarda tezkor harakat qilish, yo‘lovchilar va xodimlar xavfsizligini ta’minlab, ehtimoliy oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar amalga oshirildi.

Tegishli xizmatlarning o‘zaro hamkorligi, favqulodda vaziyatlarda kuch va vositalarni safarbar etish, qutqaruv ishlarini tashkillashtirib, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda tayyorgarlik jarayonlari ko‘zdan kechirildi.

Sho‘rchi tumanida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari chog‘ida shartli zilzila oqibatlarini bartaraf etish, jabrlanganlarni vayronalar ostidan qidirish, ularga zarur yordam ko‘rsatib, favqulodda vaziyatlar xizmatlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash vazifalari bajarildi. Qutqaruvchilarning tezkorligi, hamjihatligi, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalari sinab ko‘rildi.

Angor tumanidagi mashg‘ulotlarda zilzila natijasida shartli ravishda ko‘prikning bir qismi yemirilib, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishi holati yaratildi. Bu vaziyatda fuqarolarni qutqarish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ko‘prikning shikastlangan qismini tiklab, transportlar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur amaliy harakatlar bajarildi.

Mashg‘ulot chog‘ida ob’ekt mutasaddilari va tuman favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlarining o‘zaro hamkorligi, kuch va vositalarning shayligi, favqulodda vaziyatlarda tezkor va muvofiqlashgan harakat qilish tartibi sinovdan o‘tdi.

Viloyatning turli hududlarida o‘tkazilgan hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari xavfsizlikni ta’minlab, favqulodda holatlarga nisbatan xizmatlar shayligini oshirish va aholi hayotini muhofaza qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri