Qo‘llari qadoq, qadri baland...
Mamlakatimizda xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan oylik doirasida Andijon viloyatida opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni kunda viloyat aholisining qariyb yarmini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning aksariyati qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida eng avvalo, inson qadrini ulug‘lash, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, xususan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar mujassam. Buni viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida olib borilgan manzilli ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 63 ming nafar ayolning 57 ming 784 nafarиga yordam ko‘rsatilib, ularning muammolari ijobiy hal etildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 21 ming 737 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagidagi 9 ming 453 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 8 ming 215 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun Xalq banki, Agro bank va “Mikrokreditbank” viloyat filiallari tomonidan 58 milliard 389 million so‘m miqdorida kredit ajratildi.
Boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand 13 ming 305 nafar xotin-qizga 12 milliard 895 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Uy-joyini ta’mirlashga muhtoj 428 nafar ayolning uy-joyi ta’mirlab berildi. Uy-joyga muhtoj 101 nafar ayol uy-joy bilan ta’minlandi, ijarada yashayotgan ayollarning 501 nafariga 528 million so‘m miqdorida ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi. Qishloqlarda o‘z tomorqasidan unumli foydalanishi uchun yordam ko‘rsatilishini so‘ragan 388 nafar xotin-qizning barchasiga yordam ko‘rsatildi. Buning uchun 756 million so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.
Bundan tashqari, qishloqlarda istiqomat qilayotgan 5 nafar oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan ayollarga kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berildi. 48 nafar "Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish" uyushmasi a’zolariga turli uskunalar xarid qilish, 164 nafar xotin-qizga yengil konstruksiyali issiqxona qurish, sug‘orish vositalari, urug‘lik va ko‘chat, 35 nafar xotin-qizga asbob-uskuna sotib olish uchun subsidiyalar berildi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 2 ming 580 nafar xotin-qizning imtiyoz asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishiga ko‘maklashish maqsadida belgilangan mezonlar asosida ularning 2 ming 401 nafariga tavsiyanoma berildi. Tavsiyanoma olganlarning aksariyati qishloq hududida yashayotgan xotin-qizlardir.
Viloyatda xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan oylik doirasida yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Oylikni o‘tkazish bo‘yicha viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida viloyat, tuman va shaharlar kesimida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, viloyatdagi 866 mahallaning barchasida opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga, muammolarini bartaraf etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport tadbirlari, shuningdek, tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda viloyat, tuman, shahar va mahallalarda tashkil etilgan “Oqila ayollar” harakati a’zolari, fuqarolar yig‘inlarida ish olib borayotgan xotin-qizlar faollari, “Buvijonlar maktabi”, “Qizlar davrasi” jamoatchilik kengashlari a’zolari jonbozlik ko‘rsatmoqda.
[gallery-9130]
“Mening qishlog‘im”, “Mening onam – qishlog‘im fayzi”,“Keksalarni ulug‘lash – muqaddas burch”, “Qishlog‘imiz – yoshlar nigohida”, “Ayollarga aytar so‘zim bor...”, “Siz ulug‘siz, siz muqaddassiz muhtarama ayol!”, “Salomatlik uchun 5 ming qadam”, “Dasturxon atrofida dildan suhbat”, “Siz borsiz mening baxtim butun, onajon!”, “Balli qizlar”, “Farovon oila kelajak poydevori”, “Qadriyatlarimiz – bebaho boyligimiz”deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport tadbirlariga ko‘pni ko‘rgan keksa onaxonlar, o‘z davrida samarali mehnat qilib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan mehnat faxriylari, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand opa-singillarimiz qamrab olinmoqda.
Qishloqlarda yashab, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning og‘irini yengil qilishga ko‘maklashish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash albatta, zimmamizdagi eng muhim vazifalardan hisoblanadi. Ana shundan kelib chiqib, oylik doirasida qator tumanlarda ehtiyojmand ayollarga subsidiya asosida tikuv mashinalari berildi. Birgina Asaka tumanida 48 nafar ehtiyojmand ayol 76 dona tikuv mashinasi olib, shu orqali doimiy daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.
Qishloqlarda oila muqaddasligini, o‘ziga xos mezon va qadriyatlarini ulug‘lab, uzoq yillar davomida oilalar totuvligini, yosh oilalar mustahkamligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib, ko‘plarga ibrat bo‘lib kelayotgan yoshi ulug‘ onaxonlarga hurmat-ehtirom va moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Masalan, Qo‘rg‘ontepa tumani Guliston mahallasida yashovchi onaxonlar Arofatxon Jumaboyeva hamda Muyassarxon Xolmatovaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Oylik doirasida Izboskan tumani oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan sayyor qabul davomida turli masalalar bo‘yicha murojaat qilgan xotin-qizlarning muammolari joyida ijobiy hal etildi.
Marhamat tumanidagi O‘qchi mahalla fuqarolar yig‘inida keksa onaxonlar, uy bekalari ishtirokida yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilgan stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari ayollarimizning yangi-yangi qirralarini kashf etdi. Baliqchi tumanidagi Sirmoq, Do‘stlik, Charog‘on, Go‘rovon, Sarnavul mahallalarida opa-singillarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan “Sog‘lom hayot sari 5 ming qadam” sport tadbiri ayollarimiz salomatligini mustahkamlashga, ruhiyati va kayfiyatini ko‘tarishga, “Kitob – ma’naviyat sarchashmasi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir esa ularning ma’naviyatini, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qildi.
Shifokorlar Jalaquduq tumanidagi “Osuda hayot”, Beshtol, Qo‘shterak mahallalarida yashayotgan keksa avlod vakillari xonadonlariga tashrif buyurib, ularning salomatligini ko‘rikdan o‘tkazdi. Tibbiy ko‘riklarda davolanishga muhtoj ayollarga tibbiy muassasalarda davolanishi uchun yo‘llanmalar berildi. Shahrixon tumanidagi Qashqar, Nazarmahram, Oq oltin mahallalarida “Qadriyatlarimiz – bebaho boyligimiz” tadbiri, “Balli qizlar” tanlovi ham milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yoshlarimizning faolligini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilganligi bilan ahamiyatlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan yuqoridagi kabi tadbirlar viloyatning har bir qishloq, har bir mahallasida yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tmoqda. Oylik doirasidagi ana shu tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, qishloqlarda yashayotgan opa-singillarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini, turmush farovonligini yanada oshirish, muammolarini bartaraf etish, eng asosiysi, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilgan.
Gulnoraxon Abdullayeva,
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari,
Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA