Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
Toshkent Fotosuratlar uyida «Abdulla Qodiriyning ibratli izdoshlari» nomli ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining ko‘rgazmasi ochildi.
Mazkur ko‘rgazma Badiiy akademiya, Turizm va sport vazirligining Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Abdulla Qodiriy memorial muzeyi kabi tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazmaning ochilishida mamlakatimizda ulug‘ ma’rifatparvar bobolarimizning hayoti, faoliyati, ijodini o‘rganish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Abdulla Qodiriy asarlari milliy ma’naviyatimiz, o‘zbekona odob-axloqning, go‘zal va betakror ona tilimizning o‘ziga xos ramziga aylangan.
«Abdulla Qodiriyning ibratli izdoshlari» nomli ko‘rik-tanlovda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari faol ishtirok etdi. Ular tomonidan ishlangan tasviriy asarlarda Abdulla Qodiriy siymosi, uning asarlarida gavdalangan qahramonlarning obrazlari ta’sirchan tarzda aks ettirilgan.
Ko‘rik-tanlovda ijodiy ishi eng yaxshi deb topilgan yosh rassomlar taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA