Qoʻshnimiz mashina oldi...
Xalqimiz orzuli xalq. Toʻy qilay, uy olay, farzandlarim uchun mashina olay, deb yigʻinadi.
Xalqimiz orzuli xalq. Toʻy qilay, uy olay, farzandlarim uchun mashina olay, deb yigʻinadi.
Bir ish qilmoqchi boʻlsak, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻdan soʻraymiz. Bu qon-qonimizga singib ketgan. Yaqinda qoʻshnimiz chiqdi. Bizning mashinamiz bor. Shu bois niyati mashinalarning narxini bilish ekan. Yaxshi niyatda 22 yoshli oʻgʻlini uylantirgunicha mashina olmoqchi ekan.
– Oʻzim mashina minmay ellikka kirdim, – deydi Majid aka Mardonov. Lekin afsuslanmayman. Ammo oʻgʻlim uchun onasi bilan besh yil yigʻindik. Yaxshi niyatda yangi mashina olmoqchimiz. Singillari boʻyi yetgunicha mashinali boʻlsak, toʻylarimizda xizmat qilsa, degandik. Shu kunlarda ish ham yoʻq. Yotib yeganga togʻ chidamaydi.
Hisob-kitob qilingach, yangi mashinaning uncha qimmat boʻlmagan bir turi uchun ularning mablagʻi yetmadi. Maslahatlashib, avtokredit olarmiz, degan qarorga kelishdi. 2-3 kun banklardagi kreditlar surishtirilgach, bu ham ularga toʻgʻri kelmasligi maʼlum boʻldi. Kreditni olish uchun daromad hisob-kitob qilinar ekan, ularning kreditga mashina olish fikri xomxayol boʻlib chiqdi.
Hamma ham oliy maʼlumotli boʻla olmaydi. Yoki hammaning ham qoʻlida bir hunari yoʻq. Hovli-joyi ham foydalanishga yaroqsiz boʻlsa, undan yomoni yoʻq.
Qoʻshni er-xotinlar kunlik ishlarga chiqib kun koʻrardi. Toʻrt farzandni katta qilayapti. Hozir ishning ham “choʻgʻi” past. Yiqqan-terganini ham ishlatib qoʻymaslik, orzu-havas uchun mashina sotib olmoqchi boʻlsayu, buning ham imkoni topilmasa. Roʻzgʻoridan orttirib, yeyish-ichishdan tiyib, yillab yiqqani bitta mashinaga yetmasa.
Xalqimiz juda saxovatli el. Koʻngil olish uchun oʻz yeb turgan nonini yaqiniga berishdan ogʻrinmaydi. Qoʻshnimizning ezgu niyati, taqdiriga shukrona aytib, “yana yigʻaveraylikchi, bir gap boʻlar”, deb boshini xam qilgani boshqa qoʻshnilarning kayfiyatiga taʼsir qildi. Qoʻni-qoʻshnilar maslahatlashib, yetmagan pul yigʻildi. Yangi mashina uchun avtosalonga toʻlov qilgan insonning quvonchini tasvirlashga soʻz ojiz. Ammo har doim ham bunday imkoniyat boʻlmasligi mumkin.
Shundan soʻng banklarning saytlariga kirdim va avtokreditlar boʻyicha maʼlumotlarni oʻrgandim. Masalan, Xalq bankining saytida bildirilishicha, avtokreditlar sotib olinayotgan avtomashinaning narxiga muvofiq belgilanadi. Muddati 12 oydan 36 oygacha, Kredit boʻyicha foiz stavkasi yillik 30 foizni tashkil etadi.
“Turonbank”da esa talabgor avtokredit olish uchun kredit summasining kamida 25 foiz miqdorida oʻz mablagʻini bankning “TQOʻ-talab qilib olinguncha” jamgʻarma depozit hisobvaragʻiga boshlangʻich badal sifatida topshiradi. Avtokredit birlamchi bozordan shartnoma summasi miqdoridan oshmagan miqdorda 1-3 yil muddatgacha, muddatini uzaytirish huquqisiz ajratiladi.
Kredit (birlamchi bozorda) 3 yilgacha berilishi mumkin, boshlangʻich badal miqdori 25 foizdan – 35 foizgacha boʻlsa, yillik foiz stavkasi 30 foiz. Agar boshlangʻich badal miqdori 35 foiz va undan yuqori boʻlsa, 3 yilga yillik foiz stavkasi 28 foiz miqdorida boʻladi. Shuningdek, avtokredit 1 yil muddatga (uzaytirish huquqisiz) 35 foiz boshlangʻich badal shakllantirilgan holda yillik 26 foizli stavkada ajratiladi.
Avtokredit ikkilamchi bozordan bazaviy hisoblash miqdori (BXM)ning 1000 barobari miqdoridan oshmagan miqdorda 3 yil muddatgacha, muddatini uzaytirish huquqisiz ajratiladi.
Kredit foizlari ikkilamchi bozorda ham boshlangʻich badal toʻloviga qarab, 30 foiz, 28 foiz va 26 foizgacha belgilangan.
“Hamkorbank”dagi avtokreditlarning shartlari boʻyicha birlamchi bozor uchun kredit muddati, boshlangʻich toʻloviga qarab, yillik toʻlov 28-30 foizgacha boʻlishi belgilangan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki maʼlumotlariga nazar soldik. Kredit muddati 36 oygacha. Boshlangʻich badal transport vositasining 30 foizidan kam boʻlmagan miqdorida toʻlanganda yillik foizi 28 foiz etib belgilangan.
Mazkur bankda joriy yilning 1-iyulidan boshlab yillik toʻlov foizi 22 foizni tashkil etishi haqidagi maʼlumot berilgani quvonarli. Bu ham aholiga yengillik beradi. Shuningdek, banklarda 3 oylik imtiyoz degan maʼlumot ham joylashtirilgan. Ammo surishtiruvlar natijasida bu maʼlumot har doim ham amalda boʻlmasligi maʼlum boʻldi.
Ha-ya, maʼlumot uchun bu kabi kreditlar faqat Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini sotib olish uchun ajratiladi.
Ayni vaqtda "UzAuto Motors“ aksiyadorlik jamiyati mashinalarining talab yuqori boʻlgan, juda koʻpchilik yurtdoshlarimizni qiziqtirayotgan ”Nexia-3" avtomashinasining narxi 87 million 320 ming soʻm. Taxminan boshlangʻich badal uchun 22 million soʻm atrofida pul toʻlasangiz, birinchi yil davomida 3 milliondan – 3 million 900 ming soʻmgacha boʻlgan mablagʻ toʻlanadi. Agar 40 million soʻm (salkam 50 foizi) toʻlansa, 2 milliondan 2 million 800 ming soʻm atrofida toʻlov qilinadi.
Xoʻsh, yurtimizda bir oyda aynan shuncha daromadga ega boʻlganlar qancha? Mashina olish istagida boʻlganlarchi? Oddiy ishchilar, ishsizlar qancha?
Savollarning javobini oʻz ahvolini biladigan aholigina biladi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra esa, ayni vaqtda, yurtimizda ishsizlar soni 2 million nafarga oshgan.
Bugun aholi turmushi ijobiy maʼnoda ancha oʻzgargan, yaxshilangan. Ammo oramizda oʻz yurtida qurilayotgan uyni, oʻz yurtida ishlab chiqariladigan mashinani orzu qiladigan yurtdoshlarimiz ham koʻp. Demak, daromadi kam boʻlgan fuqarolar uchun yangi mashina olish orzuligicha qolaveradimi?
Yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish borasida xayrli ishlar, amaliy tadbirlar boshlandi. Bu tashabbus keng quloch yozib, har bir yurtdoshimiz farovonlikka erishsa, yurt ravnaq topadi. Aholi faqat uy va mashina olish uchun pul yigʻishi kerak emas, albatta. Hamma yaxshi yashashga haqli.